Hukumatimiz delegatsiyasining Misrga tashrifi doirasida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov Qohirada elektrotexnika, to‘qimachilik, charm va poyabzal, farmatsevtika mahsulotlari va qurilish materiallari ishlab chiqarish sohalarida faoliyat yuritayotgan yetakchi kompaniyalar rahbarlari bilan muzokara o‘tkazdi. Mamlakatimiz iqtisodiyotining ustuvor tarmoqlarida qo‘shma loyihalar amalga oshirish va yurtimizga sarmoya jalb etish istiqboli kun tartibidagi asosiy mavzu bo‘ldi.
“Elsewedy Electric” prezidenti Ahmad Sodiq bilan energetika va elektrotexnika sanoatida hamkorlik masalasi muhokama qilindi. Shu o‘rinda aytish kerak, mazkur kompaniya 17 davlatda filiallariga ega, elektr energiyasi, transformator va kabel mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxona hisoblanadi. Aktivi qiymati 6 milliard dollarga teng.
Muloqot davomida mazkur kompaniya bilan shamol va quyosh elektr stansiyalari qurish bo‘yicha qo‘shma loyihalar yaratish, transformator, kabel-sim va aksessuar ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha ishchi guruh tuzish fikri ma’qullandi.
Eksport geografiyasi dunyoning 52 davlatini qamrab oladigan “Fresh” kompaniyasi rahbariyati bilan kechgan uchrashuvda elektrotexnika sohasida loyihalar amalga oshirish mavzusi ko‘tarildi. Toshkent viloyatida birgalikda elektrotexnika mahsulotlari hamda mis va butlovchi qismlarni birgalikda ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha chora-tadbirlar kelishib olindi.
“Orascom Construction” kompaniyasi ijrochi direktori Ihob Mahovid bilan uchrashuvda energetika, yo‘l infratuzilmasini rivojlantirish, qurilish materiallari ishlab chiqarish bo‘yicha qo‘shma loyihalar istiqboli ko‘rib chiqildi. Huddatlarni batafsil o‘rganish bo‘yicha qo‘shma ishchi guruh tuziladigan bo‘ldi.
Shu kuni “Al Rowad” va “ARC Shoes” rahbariyati bilan ham muzokara olib borildi. Qo‘shma korxonalar tashkil etib, yuqori sifatli charm, to‘qimachilik va farmatsevtika mahsulotlari ishlab chiqarishni boshlash yuzasidan tashkiliy masala o‘rganib chiqildi.
Konstruktiv ruhda kechgan muloqotlar davomida tomonlar hamkorlikni chuqurlashtirish, erishilgan kelishuvlarni jadal amalga oshirishga tayyorligini bildirdi.
O‘zA