O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida badiiy publitsistika kengashining 2022 yilgi faoliyatiga oid hisobot yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, “Jahon adabiyoti” jurnali bosh muharriri Ahmadjon Meliboyev va boshqalar bugungi davr nafasini tezkorlik bilan aks ettirishda publitsistika yo‘nalishida ijod qilayotgan qalamkashlarning mehnati g‘oyat katta bo‘layotganini ta’kidladi.

Kengash yig‘ilishida olimlar Olimjon Toshboyev, To‘lqin Eshbek, Ma’mura Zohidovaning dolzarb mavzudagi ma’ruzalari tinglandi.

Ta’kidlanganidek, o‘tgan 2022 yilda mamlakatimiz hayotiga oid eng dolzarb mavzular yoritilgani, bunda bosma ommaviy axborot vositalari faollik ko‘rsatgani e’tiborga molik. Bunda “Hurriyat”, “Ishonch”, “Milliy tiklanish”, “O‘zbekiston ovozi”, “XXI asr”, “Adolat”, “Zarafshon”, “Farg‘ona ovozi” kabi gazetalarda, internet saytlarda e’lon qilinayotgan turkum ijtimoiy publitsistik maqolalar bunga misol bo‘la oladi. “Yangi O‘zbekiston” gazetasida e’lon qilinayotgan turkum tahliliy maqolalar, ularda ilmiy va ijodkor ziyolilarga keng o‘rin berilayotgani, tahlil birinchi o‘ringa chiqqani diqqatga sazovordir.

Jamiyat hayotida publitsistik kuzatuvlarga ehtiyoj o‘tgan asrning 90-yillaridagi kabi ustuvor o‘rin egallagani tobora ayonlashib bormoqda. Bu jihatlar partiya nashrlarida ham yaqqol ko‘zga tashlanmoqda. Zero, so‘z va fikr erkinligiga ijobiy munosabatning yuzaga kelgani gazeta va jurnallar, ijtimoiy tarmoqlar, radio va televideniye faoliyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatmoqda. Natijada, badiiy publitsistikada yosh jur’atli ovozlar paydo bo‘lmoqda.

Hisobot yili davrida publitsistlarimizning “hosil xirmoni” ancha mo‘l bo‘ldi. O‘ndan ortiq to‘plamlar chop etildi. Abdusaid Ko‘chimov, Minhojiddin Mirzo, Umid Bekmuhammad, Hakim Sattoriy, Olim Toshboyev, Husan Ermatov, Karim Bahriyev, Farmon Toshev, Abror Zohidov, Shuhrat Jabborov, Zulfiya Mo‘minova, Muqaddas Abdusamatova, Risolat Haydarova, Abror G‘ulomov kabi mualliflar o‘ta faol ijod qildilar.

“O‘zbekiston-24”, “Madaniyat va ma’rifat”, “O‘zbekiston tarixi”, “Mahalla” telekanalining turkum ko‘rsatuvlari tomoshabinda u yoki bu mavzu, muammoga nisbatan fikr uyg‘otishi, yoshlarni badiiy asarlar olamiga chorlashi, qiyosiy tahlili bilan ahamiyatlidir. Bu jihatlar Quddus A’zam, Gulmira Musajonova, Shohsanam Xidirovaning turkum ko‘rsatuvlarida ko‘zga yaqqol tashlanadi.

Kengash yig‘ilishlarida badiiy-ijodiy publitsistikaga doir matbuotda e’lon qilinayotgan maqolalar, to‘plamlar tahlil qilindi.

Moskva davlat universitetining O‘zbekiston filialida ommaviy axborot vositalari fakulteti talabalariga O‘zbekistonda davlatning OAV bilan munosabatiga doir maxsus dars va amaliy mashg‘ulotlar o‘tkazildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga kiritilayotgan o‘zgarishlarga bag‘ishlangan muhokama yig‘ilishida Konstitutsiya muqaddimasiga takliflar kiritildi.

Uyushmada Belarus, Qirg‘iziston, Rossiya Federatsiyasining shoir va noshirlari, TURKSOY rahbarlari bilan bo‘lgan uchrashuvlarda adabiy aloqalar, badiiy tarjima masalalariga oid tahliliy fikrlar bildirildi.

Chingiz Aytmatov tavalludining 94 yilligi munosabati bilan O‘zMU va uyushma badiiy publitsistika kengashi hamkorligida ilmiy-amaliy konferensiya o‘tkazildi.

Yig‘ilishda publitsistika kengashining kelgusidagi ishlarini yanada yaxshilash bilan bog‘liq takliflar ishlab chiqildi.

N.Usmonova, O‘zA