Ijtimoiy himoya, moliya va bank, tadbirkorlik, tashqi iqtisodiy faoliyat hamda bojxona ishiga oid 1 ming 860 qonunchilik hujjati korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilganda ularning 350 tasida korrupsiyaviy omil aniqlandi.
Bu “2022 yilda qonunchilik hujjatlarini korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazish natijalari” mavzusida xalqaro ekspertlar, vazirlik va idoralarning mas’ul xodimlari ishtirokida o‘tkazilgan davra suhbatida qayd etildi.
Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan korrupsiyaning oldini olishga qaratilgan qonunchilik hujjatlari loyihalari, korrupsiyaga qarshi ekspertiza yo‘nalishida amalga oshirilgan ishlar muhokama qilingan tadbirda boshqa vazirlik va idoralarning qonunchilik hujjatlari loyihalarini korrupsiyaga qarshi ekspertizasini amalga oshirishdagi faoliyatiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Jumladan, davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 293 loyiha korrupsiyaga qarshi ekspertizadan o‘tkazilib, ularda korrupsiyaviy omillar aniqlanmagani to‘g‘risida ma’lum qilingan bo‘lsa-da, ushbu loyihalar Adliya vazirligi tomonidan ekspertizadan o‘tkazilganda, ularda 457 korrupsiyaviy omil aniqlangan.
Adliya vazirligi tomonidan korrupsiyaviy omillarni aniqlash uchun uchta qonunchilik hujjati – qonun, Prezident farmoni hamda Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi ishlab chiqilgan.
Mazkur loyihalar bilan amaldagi 243 qonunchilik hujjatidagi korrupsiyaviy holatlarni sodir etishga imkon beruvchi tartib va qoidalarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Qonun loyihasi bilan nogironlar tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyasiga borish imkoniga ega bo‘lmasa, ekspertiza uning xohishiga ko‘ra uning uyida yoki shaxs davolanishda bo‘lgan statsionarda o‘tkazilishi bo‘yicha taklif kiritilganligi qayd etib o‘tildi. Amaldagi tartibga ko‘ra esa, mazkur tanlov komissiya ixtiyoriga ko‘ra hal qilinmoqda.
Prezident farmoni loyihasi bilan korrupsiyaga sharoit yaratuvchi normalarni bartaraf etish, tartibga solish yukini kamaytirish va qonunchilik tizimliligini ta’minlash bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlanmoqda.
Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi bilan Hukumatning 61 qaroriga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.
Davra suhbatida mazkur loyihalar bo‘yicha BMT Tarraqiyot dasturi loyihasi hamda BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasining Markaziy Osiyodagi mintaqaviy vakolatxonasi vakillari o‘z fikrlarini bildirib o‘tdi.
N.Abduraimova, O‘zA