Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Mamlakatimizda yosh avlodni barkamol qilib tarbiyalash, ularning hayotga mustaqil qadam qo‘yishlari uchun barcha zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, yoshlarning huquq va erkinliklarini ta’minlash, orzu-umidlarini ro‘yobga chiqarish masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda.

Natijada, har tomonlama yetuk, bilimli, salohiyatli shaxs, komil inson bo‘lib voyaga yetayotgan o‘g‘il-qizlarimiz o‘zlari qiziqqan yo‘nalish va sohalarda yangi-yangi marralarni zabt etib, yurtimiz taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Eng muhimi, yoshlar siyosati borasida boshlangan ishlar izchillik bilan davom ettirilmoqda. Jumladan, kuni kecha davlatimiz rahbari raisligida yoshlar bandligini ta’minlash va bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.

Yig‘ilishda, mamlakatimizda yoshlarga oid davlat siyosati manzilli va keng qamrovli davom ettirilayotgani, o‘tgan yili 9 ming 406 ta mahallada yoshlar yetakchilari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ularning muammolarini joyida hal etish imkoniyati yaratilgani ta’kidlandi.

Natijada yoshlar murojaatlarini ko‘rib chiqish muddati 30 kundan 5 kunga qisqardi. Yosh avlodning ijtimoiy-iqtisodiy muammolarini hal etish va bandligini ta’minlash maqsadida 14-30 yoshdagi 9 million nafar yoshlarning balansi shakllantirildi. Ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish, iqtidorini yuzaga chiqarish maqsadida 5 bosqichli “Besh tashabbus olimpiadasi” o‘tkazib kelinmoqda. Ayni paytda yetakchilarning tavsiyasi asosida yigit-qizlarga 25 ta yordam turlari ko‘rsatilmoqda. Bu esa, yoshlarga qanot bo‘lib xizmat qilmoqda.

Ammo, bugungi kunda dunyoda ro‘y berayotan voqealar, iqtisodiy-ijtimoiy o‘zgarishlar dunyo mamlakatlari taqdiri har tomonlama yetuk va barkamol avlod bo‘lib voyaga yetayotgan yoshlarga bog‘liq ekanligini ko‘rsatmoqda. Shu bois, mamlakatimizda ham bu borada boshlangan islohotlarni izchil davom ettirish bugungi siyosatimizning bosh maqsadi sanaladi.

Shuning uchun yig‘ilishda, bu boradagi ishlarni davom ettirib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish zarurligi ta’kidlandi. Davlatimiz rahbari bitiruvchilarni kasb-hunarga o‘rgatish va ish bilan ta’minlashga qaratilgan “Hayot maktabi” dasturini amalga oshirish tashabbusini bildirdi.

Endilikda, yoshlarni e’tibor va g‘amxo‘rlik bilan to‘la qamrab olish maqsadida ular “mahalladan vazirlikkacha” tizimi orqali davlat idoralariga biriktiriladi. Shuningdek, yoshlarga ajratilayotgan mablag‘larning shakllanishi va moliyalashtirish jarayonlari ham raqamlashtirilib, maqsadli yo‘naltirilishi shaffof mexanizmlar orqali nazorat qilinadi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, 2023 yilgi Davlat dasturi loyihasida ham yoshlarni professional ta’lim muassasalarida kasbga o‘qitish ko‘lamini kengaytirish va ta’lim jozibadorligini oshirish, “El-yurt umidi” jamg‘armasi ta’lim dasturlari asosida iqtidorli yoshlarning xorijiy davlatlarning eng nufuzli universitetlarida ta’lim olishi uchun ochiq stipendiya tanlovlarini o‘tkazish kabi bir qator vazifalar belgilanmoqda.

Yoshlarimizning san’at, adabiyot, sport sohalariga bo‘lgan qiziqishlari ham inobatga olinib, hududlarda “Madaniyat karvoni” tadbirlari, festivallar, intellektual va sport musobaqalari o‘tkaziladi. Yoshlar saylgohlari, kreativ parklar tashkil etiladi. Shuningdek, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan 75 ming nafar ishsiz xotin-qizlar davlat hisobidan mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan kasb-hunarlarga o‘qitiladi.

Umuman olganda, “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da ham barcha soha va tarmoqlarda bo‘lgani kabi yoshlarimiz ham yaratib berilgan imkoniyatlardan unumlifoydalanib, yurtimizning jahon hamjamiyatida munosib o‘rin egallashi uchun munosib hissa qo‘shishi shubhasiz.

 

Maxfirat Xushvaqtova,  

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati  

O‘zA