Prezident tomonidan imzolangan qonun bilan ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritildi.
“Fuqarolarning davlat pensiya ta’minoti to‘g‘risida”gi qonunga kiritilgan qo‘shimchaga ko‘ra, ozodlikdan mahrum etishga hukm qilingan shaxslarning jazoni ijro etish muassasalarida jazoni o‘tash davrida bajaradigan har qanday ishi, agar ushbu ish bajarilgan davr uchun jazoni ijro etish muassasasi tomonidan ijtimoiy soliq to‘langan bo‘lsa, pensiya tayinlashda ish stajiga qo‘shib hisoblanadi.
Shuningdek, Jinoyat-ijroiya kodeksiga mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligini aniqlash mezonlari kiritildi. Mahkumlarning tuzalish yo‘liga o‘tganligi komissiya tomonidan har chorak yakunlariga ko‘ra quyidagi mezonlardan biri asosida belgilanadi:
– mahkumning mehnatga vijdonan munosabatda bo‘lishi, belgilangan mehnat normalarini bajarishi, ongli ravishda mustaqil ishlash ko‘nikmalarining shakllanganligi, o‘qishga va kasb-hunar o‘rganishga qiziqishi;
– mahkumning jazoni ijro etish muassasalarida tashkil etiladigan madaniy-ma’rifiy tadbirlardagi ishtiroki, uning tashabbusi, boshqa mahkumlarga ibrat bo‘lishga intilishi;
– mahkumning jazoni ijro etish muassasasida o‘rnatilgan ichki tartib-qoidalariga rioya etishi, mahkumga nisbatan rag‘batlantirish choralari qo‘llanilganligi, unga intizomiy jazo chorasi qo‘llanilmaganligi.
Mahkumni tuzalish yo‘liga o‘tgan yoki o‘tmagan deb topish to‘g‘risidagi xulosa komissiya tomonidan rasmiylashtiriladi va mahkumning shaxsiy yig‘majildiga qo‘shib qo‘yiladi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kiradi.
O‘zA