Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan navbatdagi “Hukumat soati”da “Pedagogika oliygohlarida zamonaviy pedagoglarni tayyorlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida”gi masala muhokama qilindi. Mazkur masala yuzasidan deputatlarning savollariga oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri I.Abdurahmonov javob berdi.
— bugungi kunda mamlakatimizda 14 ta pedagogika oliygohida 27 ta ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha pedagog kadrlar tayyorlanyapti, — dedi I.Abdurahmonov. — Mazkur ta’lim muassasalarida pedagoglarni tayyorlash metodikasi zamonaviy ta’lim-tarbiya talablariga muvofiq olib borilmoqda. Jumladan, 2022/2023-o‘quv yili uchun ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarining 59 ta o‘quv reja va 1004 ta fan dasturi mazmuni to‘liq qayta ko‘rib chiqildi va xalqaro talablar asosida takomillashtirildi. Shuningdek, o‘quv rejalar va fan dasturlarini tayyorlashda xorijiy oliy ta’lim muassasasi mutaxassislari ekspert hamda fan dasturlariga hammuallif sifatida jalb etildi. O‘quv reja va fan dasturlari Ta’limning xalqaro standart klassifikatsiyasi (MCKO+2011) va xalqaro baholash dasturlari (PISA, TIMSS, PIRLS, TALIS)ga muvofiqlashtirildi.
Pedagog kadrlar tayyorlaydigan oliy ta’lim muassasasida tahsil olayotgan 2-4-bosqich talabalarining malakaviy amaliyotini o‘tashlari uchun Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan, umumta’lim va maxsus maktablarda, maktabgacha ta’lim tashkilotlarida “4+2” tartibda amaliyot tashkil etilmoqda. Bu o‘z navbatida, ta’lim-tarbiya hamda nazariya va amaliyotning uyg‘unligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.
“Hukumat soati”da so‘z olgan deputatlar jahon tajribasida uzog‘i bilan uch yilda pedagoglarni tayyorlashga erishilayotgan bir paytda pedagoglarni tayyorlash uchun to‘rt yillik ta’lim dasturi asoslimi, degan savolni o‘rtaga tashlandi.
Bunga javoban vazir oliy ma’lumotli pedagog mutaxassislar tayyorlash jarayonini optimallashtirish natijasida 2020/2021-o‘quv yilidan musiqa, jismoniy madaniyat, texnologik ta’lim, chaqiriqqacha harbiy ta’lim, tasviriy san’at va muhandislik grafikasi, maktabgacha ta’lim, maktabgacha va boshlang‘ich ta’limda jismoniy tarbiya va sport kabi ta’lim yo‘nalishlarining o‘qish muddati uch yil etib belgilanganini ta’kidladi.
Boshqa ta’lim yo‘nalishlariga 2022/2023-o‘quv yilidan o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish, xususan, joriy o‘quv yilida 4 ta ta’lim yo‘nalishi: Matematika va informatika (qo‘shimcha informatika fani o‘qituvchisi), Pedagogika (qo‘shimcha tarbiya fani o‘qituvchisi), Biologiya (qo‘shimcha tabiiy fanlar o‘qituvchisi), Maxsus pedagogika: surdopedagogika (qo‘shimcha surdotarjimon) bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tartibi joriy qilindi.
Shuningdek, “Hukumat soati”da xalq vakillari umumiy o‘rta ta’lim maktablarida Tarbiya darsliklarini o‘qitish uchun maxsus pedagogik, psixologik ko‘nikmalarga ega pedagoglarni tayyorlash borasida olib borilayotgan ishlar bilan qiziqdilar. Vazir aytib o‘tganidek, 2022/2023-o‘quv yilidan o‘quv dasturlari o‘zaro yaqin bo‘lgan bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha asosiy va qo‘shimcha mutaxassislik (kvalifikatsiya) berish tartibi joriy etildi. Xususan, Pedagogika va psixologiya ta’lim yo‘nalishi negizida 2022-2023 o‘quv yilidan boshlab Pedagogika (qo‘shimcha tarbiya) ta’lim yo‘nalishi tashkil etildi.
Deputatlar “Hukumat soati”da o‘z savollariga javob olish barobarida soha istiqboliga qaratilgan bir qator taklif va tavsiyalarini ham bildirdi.
Muhtarama Komilova, O‘zA