Mamlakatimizda oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish istagidagi yoshlarning bilim olishi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda. Xususan, to‘lov-kontrakt asosida o‘qiyotgan har bir talabani moliyaviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida qator farmon va qarorlar qabul qilindi.

O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasida “Yurtimizda sifatli ta’limni ta’minlashda tijorat banklari tomonidan berilayotgan ta’lim kreditlarining roli” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Prezidentimizning 2021 yil 30 iyuldagi “Oliy ta’lim tashkilotlarida ta’lim olish imkoniyatlarini yanada kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 18 avgustdagi “Oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida to‘lov-kontrakt asosida o‘qish uchun ta’lim kreditlari ajratishni tartibga solish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari bilan oliy, o‘rta maxsus va professional ta’lim tashkilotlarida tahsil olish istagida bo‘lgan talabalarga ta’lim krediti ajratilmoqda.

Ayni vaqtda respublikamizdagi 12 ta tijorat banki orqali Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Ta’lim kreditini moliyalashtirish jamg‘armasi hisobidan ajratilgan mablag‘lardan ta’lim kreditlari berilmoqda.

E’tiborli jihati shundaki, mazkur ta’lim kreditining asosiy afzalligi talaba kreditni o‘qishni tamomlagandan keyin, yettinchi oydan boshlab 7 yil davomida to‘lab boradi. Opa-singillarimiz uchun bu borada imtiyozlar berilgan. Ya’ni, xotin-qizlar berilgan ta’lim kreditining faqat asosiy qarzini qaytaradi. Foizi davlat tomonidan qoplab beriladi.

Ushbu ta’lim krediti berish shartlariga ko‘ra, ta’minot sifatida garov, uchinchi shaxs kafilligi hamda sug‘urta polisi taqdim etilishi mumkin. “Ijtimoiy himoya yagona reyestri”ga kiritilgan oilalar farzandlari uchun esa bank tomonidan garov ta’minoti talab etilmaydi.

2022 yilda tijorat banklari tomonidan 2022/2023 o‘quv yili uchun 27 ming 897 nafar talabaga 317 milliard so‘mdan ziyod imtiyozli kreditlar ajratilgan. Ushbu ajratilgan kreditlarning 242 milliardi 76 foizi ayollar hisobiga to‘g‘ri keladi. Ajratilgan kreditlar bevosita uch tomonlama shartnomaga asosan tijorat banki va oliy ta’lim muassasasi tomonidan nazorat qilinadi. Ya’ni, mablag‘lar pul ko‘chirish yo‘li bilan OTM hisobiga o‘tkazib beriladi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, imtiyozli ta’lim kreditlarini 12 ta tijorat banki — «Milliy bank», «Xalq banki», «Agrobank», «Mikrokreditbank», «Sanoatqurilishbank», «Ipotekabank», «Asakabank», «Qishloq-qurilish bank», «Turon bank», «Aloqa bank», «Hamkorbank» hamda «Oriyent finans bank» ajratmoqda.

Eng muhimi talaba vaqtini, naqdini ketkazib, ovora bo‘lmaydi. Markaziy bank tomonidan «Talim-kredit.uz» platformasi ishga tushirilgan. Bu orqali talaba onlayn ravishda ariza topshirishi mumkin va ariza 1 ish kuni muddatida ko‘rib chiqiladi. Bundan tashqari talaba o‘zi yashab turgan hududga yoki ta’lim olayotgan OTMga yaqin joydagi istalgan bankka murojaat qilib, ta’lim krediti olishi mumkin.

 

Shahnoza Mamaturopova,  

Nosirjon Haydarov (surat),O‘zA