Bundan avvalroq Buyuk Britaniya Qirollik pochtasini buzgan LockBit xakerlar guruhi, “to‘lov” sifatida qariyb 80 million dollar talab qilmoqda, deb yozgan edi Financial Times gazetasi.

Yanvar oyida Qirollik pochtasi kiberhujumlar natijasida  xorijga  jo‘natmalar yoki maktublarni jo‘natishda muammolar paydo bo‘layotganini ma’lum qilgan edi. Shundan keyin Britaniyada chiqadigan Telegraph gazetasi kiberhujumda go‘yo “RF bilan aloqador” LockBit xakerlar guruhini ayblab chiqdi. Mazkur guruh tovlamachilik dasturi xizmatlarini ko‘rsatib keladi, deyiladi xabarda. 

Nashrning ma’lumot berishicha, Qirollik pochtasi xakerlar bilan qariyb uch hafta muzokara olib borgan. Muzokaralarda kompaniyaning daromadlari va biznes vazifalari haqida ham gap borgan.

Muzokaralar doirasida LockBit xakerlari International Distribution Services  kompaniyasi yillik tushumlarining 0,5 foizini talab qilgan (mazkur kompaniya tarkibiga Qirollik pochtasi ham kiradi).

O‘z navbatida, muzokaralarda ishtirok etgan Qirollik pochtasi vakillari aytilgan summani hech qachon to‘lamasligini ma’lum qilgan. “Mazkur mablag‘ bizning boshqaruvimiz tomonidan hech qachon jiddiy qabul qilinmaydi”, – degan ular.

Nashrning yozishicha, xakerlar agar muzokaralar natija bermasa Qirollik pochtasi ma’lumotlarining katta qismi oshkor qilinishini ma’lum qilgan.