Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an boshchiligida kecha Vazirlar Mahkamasining majlisi o‘tkazildi, unda zilzila oqibatlarini tugatish, jabrdiydalarga yordam berish masalalari ko‘rib chiqildi. Bu haqda “Anadolu” agentligi xabar berdi.

Davlat yetakchisi yig‘ilishdan keyin jurnalistlarga zilzila oqibatida xalok bo‘lganlar soni 35 ming 418 kishiga yetganini ma’lum qildi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, zilziladan 105 ming 505 kishi zarar ko‘rgan.

Turkiya Prezidenti zilzila natijasida vafot etganlarning oilalariga 100 ming liradan yordam puli berilishini aytdi.

“Bundan tashqari, jabrdiydalarning barcha ehtiyojlarini tezkor qoplash uchun hukumat barcha choralarni ko‘rmoqda”, deb qo‘shimcha qildi.

Mahalliy ommaviy axborot vositalarining xabarlariga ko‘ra, Adiyamanda zilziladan 207 soat o‘tgach, 45 yoshdagi ayol, 12 yoshli o‘spirin, 212 soatdan esa keyin 77 yoshli ayol vayronalar ostidan olib chiqilgan.

 

O‘zA