FOTOREPORTAJ

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Chimboy tumanida Prezidentimizning 2021 yil 3 dekabrdagi “Mahallada tadbirkorlikni rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilari faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash maqsadida 22 ta ovul va mahalla fuqarolar yig‘inida hokim yordamchisi faoliyati yo‘lga qo‘yilgan edi.

Hududlarga biriktirilgan hokim yordamchilari o‘tgan vaqt davomida mahallalardagi ijtimoiy-iqtisodiy holatni xonadonbay o‘rganib, aholining bandlik darajasi, oilalarning daromad manbalarini oshirish borasida yaxshi natijalarga erishmoqda.

O‘tgan 2022 yil davomida tuman hududlarida joylashgan mahalla va ovullardagi umumiy 20 ming 414 xonadon birma-bir xatlovdan o‘tkazildi. Hokim yordamchilari ko‘magi bilan 4 ming 957 nafar fuqaroning bandligi ta’minlandi. Shuningdek, tumandagi 1 ming 942 oilaga tadbirkorlik loyihalarini amalga oshirish uchun imtiyozli kredit hamda 318 nafar fuqaroni tadbirkorlikka jalb qilish, ularga mehnat qurollari va asbob-uskunalar olib berish maqsadida zarur miqdorda subsidiya mablag‘lari berildi.

Xususan, tumanning Shaxtemir mahallasi hududida fitnes klubi tashkil etish uchun yosh tadbirkor Bahodir Ospanovga hokim yordamchisining ko‘magi bilan bankdan 225 million so‘m imtiyozli kredit ajratildi. Ayni paytda ushbu sport maskanida mahalla ahli jismoniy mashqlar bilan shug‘ullanib, salomatligini mustahkamlamoqda. Asosiysi, bu yerda to‘rt nafar fuqaro doimiy ish bilan ta’minlangan.

 

Maqsad HABIBULLAEV(surat),O‘zA