“Jasur ritsar-2” operatsiyasi doirasida zilziladan jabrlanganlarga integratsiyalashgan yordam ko‘rsatish maqsadida Gaziantep shahridagi “Islohiya” hududida Birlashgan Arab Amirliklari dala shifoxonasi ish boshladi. Bu haqda “WAM” axborot agentligi ma’lum qildi.

Majmuada yaradorlarga to‘liq tibbiy yordam ko‘rsatilyapti, ular bilan psixologik reabilitatsiya muolajasi olib borilyapti.

40 000 kvadrat metr maydonda joylashgan, bir necha bo‘limdan iborat shifoxona rahbari Abdulloh Xodim Al-G‘aysiy shunday deydi:

– 50 o‘rinli jadal terapiya, 4 o‘rinli reanimatsiya va statsionar bo‘limlardan tarkib topgan muassasamizda tez yordam, jarrohlik amaliyoti kabi boshqa turli xizmatlar ham mavjud. Og‘ir va xavfli holatda qolgan bemorlarga 15 nafar tajribali shifokor, 60 nafar mohir hamshira va texnik yordamchi yordam ko‘rsatmoqda. Zilzila guvohlari bilan shug‘ullanish, ofatning psixologik oqibatini bartaraf etishda ularga yordam ko‘rsatishga ixtisoslashgan psixiatriya klinikamiz ham ishlayapti. Turli kasalliklarga qarshi yuqori samaradorlik bilan kurashish qobiliyatiga ega tajribali xodimlarimiz, eng ilg‘or tibbiy asboblar bilan jihozlangan majmuamiz tun-u kun o‘z xizmatini taqdim etmoqda. Mas’uliyatli vazifaga vijdonan yondashish barchamizning oliy maqsadimizdir.

Xalqaro tasnifga ko‘ra uchinchi darajali mavqega ega Amirlik dala shifoxonasi og‘ir va o‘ta og‘ir jarrohlik amaliyotini o‘tash uchun ham shay qilingan. Ma’lumot o‘rnida keltirish mumkin, birinchi daraja ilk tibbiy yordam ko‘rsatadigan dispanserga, ikkinchi daraja esa kichik jarrohlik amaliyotiga mo‘ljalangan shifoxonaga taqdim etiladi.

Muharrama Pirmatova,

O‘zA