AOKAda Tabiat resurslari vazirligi boshqarma boshlig‘i Aziz Kalimbetov ishtirokida brifing o‘tkazildi.

Qayd etilishicha, mamlakatimizning tabiiy xususiyatlari (quruq iqlim, qumli va gilli tuproq) sababli atmosfera havosida muallaq zarrachalar – chang miqdori yuqori hisoblanadi. Toshkent shahrida 15 ta kuzatuv postlar mavjud bo‘lib, 2021 yildan 2 ta “Horiba” (Yaponiya–Germaniya) zamonaviy avtomatik stansiyasi faoliyatini boshladi. Toshkent shahrida 2 ta zamonaviy avtomatik stansiyaning ishga tushirilishi ilk bor atmosfera havosidagi kichik o‘lchamdagi RM 2,5 moddalarni kuzatish hamda aniq ma’lumotlar tayyorlash imkoniyatini berdi.

Toshkent shahridagi havo sifati 15 ta nuqtaga o‘rnatilgan moslamalar orqali o‘lchab borildi. Kuzatuv natijalariga ko‘ra, Toshkent shahrida havoning mayda chang zarralari (RM 2,5) bilan ifloslanishi darajasi havoning “o‘rta” va “yaxshi” darajadagi ifloslanish toifasiga kiradi. Bu esa inson salomatligiga jiddiy ta’sir ko‘rsatmaydi.

Tabiat resurslari vazirligining Toshkent shahar boshqarmasi tomonidan o‘rganish tahlil ishlari olib borilib, shahar hududining bir nechta nuqtalarida atmosfera havosidan tahlil uchun namunalar olindi. Olingan tahlil natijalariga ko‘ra atmosfera havosidagi zararli moddalar miqdori me’yor darajasidan ortiq holatlar aniqlanmadi.

Toshkent shahrida ekologik xavfsizlikni ta’minlash, ekologik vaziyatni yaxshilash, qulay ekologik holatni barqaror saqlash, atrof tabiiy muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan korxonalarda ushbu xolatlarni bartaraf qilishga ko‘maklashish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlandi.

Shu o‘rinda, ijtimoiy tarmoqlar orqali bildirilgan tahlillar “Xaus fresh” xalqaro jamoatchilik loyihasi tomonidan olib borilgan bo‘lib, hozirgi kunda ushbu holatlar bo‘yicha tegishli mutasaddi vazirlik va idoralarning mutaxassislari ishtirokida qo‘shimcha ilmiy o‘rganishlar va tahlillar olib borilmoqda.

O‘zA