Bugun poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida abadiyatning shoh shoiri Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 540 yilligiga bag‘ishlangan “Bobur izdoshlari” nomli bayram tadbiri o‘tkazildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Milliy Gvardiya hamda Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan bayram tadbiri avvalida jamoatchilik ishtirokida otliq va piyoda askarlari chiqishlari bilan boshlanib, so‘ngra Bobur haykali poyiga gumchambar qo‘yish bilan davom etdi.
-Zahiriddin Muhammad Bobur O‘rta asr sharq madaniyati, adabiyoti va she’riyatiga o‘ziga xos o‘rin egallagan buyuk siymolarimizdan biridir, -dedi O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid tadbirda so‘z olib. – Bobur keng dunyoqarashi va mukammal aql-zakovati bilan Hindistonda Boburiylar sulolasiga asos soldi. Uning nafis g‘azal va ruboiylari turkiy she’riyatning eng nodir durdonalari hisoblanib, she’riyat va til nazariyasi sohalariga munosib hissa bo‘lib qo‘shildi.
Darhaqiqat, Bobur lirikasida she’riyatning asosiy mazmuni bo‘lgan insoniy fazilatlar, yor vasli, hijron azobiyu ayrilig‘ alamlari va visol quvonchlari go‘zal va mohirona ifoda etilgan. U o‘zining ma’lum va mashhur asarlari bilan tarixnavis adib va ijtimoiy masalalar yechimiga o‘z hissasini qo‘shgan olim sifatida ham xalqimiz ma’naviy, madaniy hayotida munosib o‘rin egallaydi.
Tadbir davomida Jamoat xavfsizligi universitetining “Alvon beretlar” ansambli tomonidan Bobur g‘azaliga bastalangan qo‘shiqlar ijro etildi. Shu bilan birga, Yozuvchilar uyushmasi a’zolari, Alisher Navoiy nomidagi o‘zbek tili va adabiyoti universiteti hamda O‘zbekiston Qurolli Kuchlar akademiyasi kursantlari shoir ijodidan namunalar o‘qidi.
O‘tkir Alimov, Doniyor Yoqubov (video), O‘zA