O‘zbek davlatchiligi rivojining tarixiy tajribasiga tayanib ish olib borayotgan mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyev “Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balanparvoz tushuncha emas. Inson qadri deganda, biz avvalo, har bir fuqaroning tinch va xavfsiz hayot kechirishini, uning fundamental huquq va erkinliklari ta’minlanishini nazarda tutamiz” deya alohida ta’kidlagan edilar.

Davlat boshlig‘ining ushbu so‘zlari zamirida, ta’bir joiz bo‘lsa, inson huquqlari va davlat suvereniteti g‘oyalariga sodiqlik, shuningdek, hozirgi va kelajak avlodlar oldidagi yuksak mas’uliyat mujassam bo‘lgan desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Haqiqatdan ham davlatimiz rahbari ta’kidlaganlaridek, Inson qadri biz uchun qandaydir mavhum, balanparvoz tushuncha emas. Bu tushuncha ongimizga ming-ming yillardan buyon singib kelgan. Va, xalqimizning diniy, milliy qadriyatlari asosida hayot falsafasiga aylanib ulgurgan o‘zgarmas tamoyildir. Bu bejiz emas, albatta.

Ma’lumki, Islomda inson qadri hamma vaqt, har yerda, har qachon ulug‘langan. Hech bir dinda Islom dinida bo‘lganchalik, inson aziz va mukarram deya ulug‘lanmagan.

Buyuk shoir va mutaffakkir, atoqli davlat va jamoat arbobi, “millatimiz quyoshi” Mir Alisher Navoiy bobomiz o‘z g‘azallarida inson qadri har narsadan ustun ekanligiga urg‘u berib, “Odami ersang demagil odami, Onikim yo‘q xalq g‘amidin g‘ami” yoki “Xaloyiqqa ko‘rma qilib benavo, O‘zingga ravo ko‘rmaganni ravo” mazmundagi shoh baytlarni bitganlarida Muqaddas Qur’oni karim oyatlaridan ta’sirlanmagan deb kim aytaoladi.

Bularning barchasi, Inson qadri – Islom dunyosida, xususan yurtimizda qadim-qadimdan ulug‘lanib kelinganligidan dalolatdir.

Darhaqiqat, “Inson qadri uchun” tamoyili davlat siyosatida har qachongidan ham ustuvorlik kasb etar ekan, bunda davlat organlari va mansabdor shaxslar, xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining zimmasiga alohida mas’uliyat yuklaydi.

Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi doimiy faoliyat yurituvchi sud hokimiyati organi bo‘lib, qonun chiqaruvchi va ijro etuvchi hokimiyat hujjatlarining Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi ishlarni ko‘radi. Bir so‘z bilan aytganda, Konstitutsiyaviy sud mamlakatimizda Konstitutsiya va qonun ustuvorligini ta’minlashga da’vat etilgan sud hokimiyati hisoblanadi. Demak, haqiqatdan ham “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan islohotlarni amalga oishirishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining alohida o‘rni borligini e’tirof etish zarur.

Sir emas, “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” prinsipi asosida olib borilayotgan sud-huquqiy islohotlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi faoliyati samaradorligini oshirish  va uning huquqiy asoslarini yanada takomillashtirish yo‘nalishida qator islohotlar amalga oshirildi. Ayniqsa, davlatimiz rahbari tomonidan “Inson huquqlari va erkinliklariga oid xalqaro standartlarni ta’minlashda, jismoniy va yuridik shaxslarning konstitutsiyaviy shikoyat institutini hayotga tadbiq etishda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi roli va o‘rnini oshirish” muhim vazifa etib belgilangan.

Konstitutsiyaviy sud faoliyati samardorligini oshirish borasida mamlakatimiz Prezidenti belgilab bergan va boshqa qator vazifalarni amalga oshirish maqsadida sezlarli ishlar olib borilmoqda. Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi tomonidan xalqaro hamkorlik sohasida olib borilayogan ishlar ko‘lami har qachongidan ham samarali bo‘lmoqda.

Bunga o‘tgan yilning 22-25 dekabr kunlari Turkiya Respublikasining Istambul shahrida bo‘lib o‘tgan “Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari konferensiyasi”da O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudi raisi M.Abdusalomov boshchiligida delegatsiyani ishtirokini misol qilish mumkin.

Mazkur xalqaro anjuman ishida “Islom dunyosi konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari Konferensiyasi Nizomi” loyihasi ishtirokchilar tomonidan bandma-band muhokama qilinib, barcha taklif va mulohazalar atroflicha o‘rganilgandan so‘ng, Nizom qabul qilindi.

Kelgusi ikki yil davomida Konferensiyaga Turkiya davlati Konstitutsiyaviy sudi mezbonlik qilishiga kelishib olindi.

Ushbu xalqaro Nizomni mamlakatimiz Konstitutsiyaviy sudi tomonidan imzolashning ahamiyati shundaki, shu vaqtga qadar Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar konstitutsiyaviy nazorat institutilari o‘rtasida bunday hamkorlik to‘g‘risida Nizom imzolanmagan. Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasida hamkorlik faqat iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy sohalarda bo‘lgan.

Shuning uchun ham O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari bilan o‘zaro hamkorlik qilish borasidagi Nizomga qo‘shilishi “Inson qadri uchun” tamoyilini amalga oshirishda o‘ziga xos o‘rni bor desak, aslo mubolag‘a bo‘lmaydi.

Shu o‘rinda, Islom hamkorlik tashkiloti haqida qisqacha ma’lumot: Mazkur tashkilot a’zolari soni jihatidan dunyodagi ikkinchi yirik xalqaro tashkilot hisoblanadi. Tashkilotga 1969 yilning 25 sentyabrida Marokash poytaxti – Rabot shahrida asos solingan. Uning ko‘lami shu darajadaki, umumiy aholisi 1,7 milliard bo‘lgan 57 davlatni o‘z atrofida birlashtirgan. Islom hamkorlik tashkiloti tuzilgan dastlabki davrda uning maqsadi musulmon davlatlar o‘rtasida ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda birdamlikni ta’minlash bo‘lgan. O‘zbekiston Respublikasi ushbu tashkilotga 1996 yilda a’zo bo‘lib kirgan.

Istambul shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro anjumanda Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo bo‘lgan 36 davlatning konstitutsiyaviy va yuqori sudlari hamda konstitutsiyaviy yurisdiksiyani amalga oshiruvchi tegishli institutlarning raislari va vakilllarini ishtirok etgani islom davlatlarida inson huquqi va erkinliklarini ta’minlash borasida intilishlar har qachongidan ko‘ra dolzarb ahamiyat kasb etib borayotganligidan dalolat beradi.

Islom hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlarning konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari o‘rtasida imzolangan Nizomning asosiy maqsadi nima? Inson huquqlariga oid masalalarda qanday hamkorlik qilinadi? Bularga quydagilarni ko‘rsatish mumkin:

Keng tarqalgan ksenofobiya va islomofobiyaga qarshi kurash;

milliy konstitutsiyalarning qonun ustuvorligi, demokratiya va inson huquqlari tamoyillarining amalga oshirilishi sohasida hamkorlikni tashkil etish va rivojlantirish;

konstitutsiyaviy odil sudlov sohasida o‘zaro manfaatli masalalar bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, ilg‘or tajribalarni o‘rganish va ma’lumotlar almashishni yo‘lga qo‘yish kabi masalalar ustuvor etib belgilandi.

Islom olamining konstitutsiyaviy yurisdiksiya institutlari tomonidan qabul qilingan qarorlarni nashr etish, bunda zamonaviy axborot texnologiyalaridan keng foydalanish, mintaqaviy va xalqaro darajalarda konstitutsiyaviy odil sudlovga oid dolzarb mavzularda konferensiyalar, simpoziumlar va seminarlar tashkil etish belgilandi.

Ko‘rib turganingizdek, o‘zaro hamkorlik to‘g‘risidagi Nizomda juda ko‘p masalalar qamrab olingan. Bularning barchasi islom dunyosi davlatlarida konstitutsiya va qonun ustunligini ta’minlash, ijtimoiy adolatga tayangan qonunchilikni mustahkamlash, konstitutsiyaviy odil sudlovni yanada rivojlantirishga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudining “Islom dunyosi konstitutsiyaviy yurisdiksiyalari Konferensiyasi Nizomi”ni imzolanishida ta’sischi davlatlar qatorida bo‘lishi kelgusida konstitutsiyaviy tuzumni mustahakamlash, inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, milliy qonunchlikni demokratlashtirish va eng muhimi, Davlatimiz rahbari belgilab bergan mamlakatimizda “Inson huquqlari va erkinliklariga oid xalqaro standartlarni ta’minlash”dagi xalqaro hamkorlik borasida amalga oshiradigan ishlariga yangi mazmun va ahamiyat kasb etadi.

ABDUMANNOB RAXIMOV,

AKMALJON RAXMANOV,

O‘zbekiston Respublikasi 

Konstitutsiyaviy sudi 

sudyalari