Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida tashkil etilgan brifingda Qishloq xo‘jaligi vazirligi boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari Soatmurod Qulmirzayev O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 yanvardagi “Paxta xomashyosini yetishtiruvchilar faoliyatini yanada qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan joriy etilayotgan yangiliklar xususida to‘xtaldi.
Paxta xom ashyosini xarid qilish va yetkazib berish bo‘yicha tomonlar o‘rtasida shartnomalar tuzilishida qator byurokratik to‘siqlar va noqonuniy aralashuvlar mavjud edi. Qaror bilan endilikda tomonlar o‘rtasida f’yuchers shartnomalarini ruyxatdan o‘tkazish va monitoring qilishning shaffof tizimi yaratilmoqda. Endilikda har yili 1 oktyabrga qadar kelgusi yil hosili uchun fyuchers shartnomalari tuziladi va soliq organlarining elektron axborot tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi hamda Qishloq xo‘jaligi vazirligining “Agroplatforma” axborot tizimiga integratsiya qilinadi.
bugungi kunda paxta xomashyosining xarid narxini belgilashda klasterlar va fermerlar o‘rtasida turli e’tirozlar va kelishmovchiliklar yuzaga kelmoqda. Mazkur qaror bilan vazirlik, Nyu-York birjasida paxta tolasining o‘rtacha oylik fyurchers kotirovkalari tahlilini o‘zining rasmiy veb-saytida e’lon qilib boradi hamda tomonlar paxta xomashyosining xarid narxini o‘zaro manfaatli kelishuv asosida hisob-kitob qiladi.
Endilikda paxta-to‘qimachilik klasterlari bo‘nak mablag‘larini ishlab chiqaruvchilar bilan kelishuv asosida pul va moddiy resurslar shaklida amalga oshirish imkoniyati yaratilmoqda. Shuningdek, urug‘lik, mineral o‘g‘itlar, yoqilg‘i-moylash materiallari transport xarajatlarini xisobga olgan holda yetkazib beriladi va kunlik elektron hisobvaraq-fakturalar orqali rasmiylashtirib boriladi.
bugungi kunda, lazerli yer tekislash ishlarini olib borish paxta hosildorligini oshirish, yerlarning strukturasni yaxshilash, ayniqsa 20 foizgacha suv tejashda muhim hisoblanadi. Lekin ushbu zamonaviy texnikaning narxi qimmmatligi sababli klasterlar va paxta yetishtiruvchilar tomonidan yetarli miqdorda sotib olinmayapti. 2023 yildan boshlab, sotib olingan xorijiy va mahalliy lazerli yer tekislagich agregatlari qiymatining 30 foizi Davlat byudjetidan qoplab beriladi.
Paxta yetishtirish tannnarxi ortib borishi kuzatilmoqda, buning sabablaridan biri paxta xomashyosi yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlari hisoblanadi. Ushbu holatlarni hisobga olgan holda, paxta xomashyosi yetishtiriladigan maydonlarni nasos orqali sug‘orishda sarflanadigan elektr energiyasi xarajatlarning 50 foizi Davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Qishloq xo‘jaligi rivojlangan davlatlarda ekinlarning rivojlanishini kuzatib borish, o‘simlik kasalliklari hamda zararkunandalariga tezkor qarshi kurashish va boshqa zaruriy agrtexnik tadbirlarni amalga oshirishda uchuvchisiz uchish apparatlaridan (dron) keng foydalanish yo‘lga qo‘yilgan. Endilikda davlat-xususiy sheriklik asosida paxta-to‘qimachilik klasterlari mablag‘lari hisobidan uchuvchisiz uchadigan apparatlar olib kelinadi va Qishloq xo‘jaligida xizmatlar ko‘rsatish agentligi orqali mahsulot yetishtiruvchilarga xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yiladi.
Mineral o‘g‘itlar narxi barqarorligini ta’minlash va tanqisligini olidini olish maqsadida 2025 yil 1 yanvarga qadar import qilinadigan ayrim turdagi mineral o‘g‘itlarga bojxona bojining “nol” stavkasi qo‘llaniladi.
Muhayyo Toshqorayeva,
O‘zA