Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, Rossiyada 3 millionga yaqin o‘zbekistonlik mehnat qiladi. Ular orasida o‘qib, hayotda yuksak natijalarga erishgan kema kapitanlari, sarmoyador investorlar, olimlar va hatto mahalliy kengash deputatlari bor. Masalan,Ravshanbek Qurbonov Sankt-Peterburgning Liteyniy okrugidan deputat etib saylangan. Ular gubernator huzuridagi maslahat kengashining a’zosi, Leningrad viloyatidagi vatandoshlar jamiyatining raisi. Biz bu hamyurtimiz bilan suhbatlashdik.
– Leningrad qamalida 10 minglab o‘zbekistonlik jangchilar ishtirok etgan. Ularning aksariyati Leningradni dushmandan qutqarish uchun jonlarini bergan. Siz deputat, jamoat arbobi sifatida ana shu shahid ketgan yurtdoshlarimizga Sankt-Peterburg yoki Leningrad viloyatida munosib yodgorlik o‘rnatish masalasida qanday fikrdasiz?
– Ikkinchi jahon urushida qatnashib halok bo‘lgan ajdodlarimiz xotirasi hamisha yodimda. Ular bizning bugungi kunimiz uchun jonlarini fido qilishgan. Ma’lumki, O‘zbekiston fashizm ustidan qozonilgan g‘alabaga juda katta hissa qo‘shgan. Agar urush boshlangunga qadar O‘zbekistonda 6 million 550 ming odam yashagan bo‘lsa, ularning 1 mln. 950 mingdan ortig‘i urushga jo‘natilgan. Bu – aholining uchdan biri yoki qurol ushlashga yaroqlilarning ikkidan biriga tengdir. Ularning 538 mingi afsuski, urushda halok bo‘ldi. 138 mingi esa nom-nishonsiz ketishgan. 640 ming jangchi esa yarador bo‘lgan. Qahramon unvoniga sazovor bo‘lganlar soni bo‘yicha ham o‘zbekistonlik jangchilar eng ko‘pchilikni tashkil etadi. 338 jangchi shunday sharafli nomga muyassar bo‘lgan. 70 ta jangchi esa «Shuhrat» ordenining barcha bosqichiga erishgan. O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ularning xotirasini abadiylashtirish uchun juda katta ishlarni amalga oshirmoqda. Men Sankt-Peterburg hukumati yig‘ilishlaridan birida Leningrad blokadasi qahramoni bo‘lgan vatandoshlarimizga yodgorlik o‘rnatish masalasida gapirdim. Taklifim Sankt-Peterburg va Leningrad viloyati hukumati tomonidan ma’qullandi. O‘tgan yilning 15 mayida yodgorlik uchun yer ajratildi va unga ramziy birinchi toshni qo‘ydik. U yerda kelgusida o‘zbekistonlik jangchilar xotirasiga memorial majmua bunyod etamiz.
– Moskvada Alisher Navoiyga haykal qo‘yilgan chog‘da shunday yodgorlik Sankt-Peterburga ham qo‘yiladi degan fikr aytilgan edi…
– Sankt-Peterburgdagi «Do‘stlik» uyida buyuk shoirning byustini keyinchalik haykalini o‘rnatish rejalarimiz ham bor. Bir oy ilgari O‘zbekistondagi «Alisher Navoiy» jamg‘armasi rahbari bilan uchrashgan edim. Bu masalada biz hamkorlik qilyapmiz. Navoiyga byust ham, haykal ham o‘rnatiladi.
–1942 yilning 9 fevral kuni nemis bosqinchilari bu yerdan atigi bir necha chaqirim naridan bombalar yog‘dirayotgan chog‘da ham Ermitajda Navoiy ijodiga bag‘ishlangan anjuman bo‘lib o‘tgan.
– Biz har yili Navoiyxonlik kunlarini o‘tkazib kelamiz. 9 fevral – Navoiyning tavallud kuni ham shunday o‘tkazildi.
– Eshitishimizcha Sankt-Peterburg va Leningrad viloyatida 700 mingga yaqin o‘zbekistonliklar yashaydi. Bu yerda o‘zbek milliy madaniyat markazini ochish vaqti kelmadimi? O‘zbek madaniyati, san’ati, davlatchilik tarixi, iqtisodi, sayyohlik salohiyatini shu yerda targ‘ib qilish mumkinku.
– Bu masala O‘zbekiston bilan bog‘liq. Men O‘zbekistondagi tegishli idoralarga shu masalani ko‘rib chiqish uchun bir necha xat yubordim. O‘zbekiston bizga ham umid va ishonch berdi. Hozircha O‘zbekiston va o‘zbekistonliklar bilan uchrashuvlar, davra suhbatlari, amaliy kelishuvlar turli joylarda o‘tkazilyapti. Agar madaniyat markazi ochilsa, unda O‘zbekiston haqida hamma ma’lumot bo‘ladi. Odatlarimiz, investitsion dasturlar, siz aytgandek, turistik salohiyat haqida ma’lumot oladi. Bu yerda kutubxona ham bo‘ladi. Sankt-Peterburgda ozarbayjon, arman, qozoq va boshqa xalqlarning madaniyat markazlari bor. Afsuski, O‘zbekiston madaniyat markazi haligacha yo‘q. Shunday markaz ochilishidan umidvormiz.
– Vaqt ajratib, O‘zbekiston Milliy Axborot Agentligiga intervyu berganingiz uchun rahmat.
Muhammadjon Obidov