Turkiyadagi zilzila qurbonlari 31643 kishiga yetdi. Bu haqda hukumat huzuridagi Tabiiy ofatlar va favqulodda vaziyatlarga qarshi kurash boshqarmasi (AFAD) xabar berdi.

Ma’lumotga ko‘ra, markazi Qahramonmarash viloyatining Pazarjik va Elbiston tumanlarida sodir bo‘lgan ikki zilziladan keyin seysmologlar yer jami 2724 silkinganini qayd etgan.

Gaziantep, Shonliurfa, Diyorbakir, Adana, Adiyaman, Usmoniya, Hatay, Kilis, Malatiya va Elazig hududlarida ham ofat keng miqyosda vayronagarchilik keltirib chiqardi.

Hozirgacha mamlakatning o‘n viloyatidan 158 165 fuqaro evakuatsiya qilindi.

AFAD qidiruv-qutqaruv guruhlari, politsiya maxsus kuchlari, dengiz muhandisligi, qirg‘oq xavfsizligi, tabiiy ofatlarni boshqarish xizmatlari, o‘t o‘chirish brigadasi, Milliy vazirlikning 35 495 a’zosi, shuningdek xorijdan kelgan 9793 nafar mutaxassis qidiruv ishlarini olib bormoqda.

Xalqaro yordamni muvofiqlashtirish uchun ofat zonasiga 13 elchi, Tashqi ishlar vazirligining 17 nafar xodimi yuborildi. Chiqindini tozalashda 12 ming 322 texnika, asosan, ekskovatorlar, evakuator, kran, buldozer, avtomashina, suv tashuvchi, tirkama, greyderlar jalb etilgan.

Harbiy havo kuchlari Oliy qo‘mondonligi, Quruqlik qo‘shinlari, Sohil Xavfsizlik va Jandarmeriya qo‘mondonligiga qarashli 170 vertolyot, 76 samolyot jami 4097 marta parvoz qilib, qutqaruvchi va shifokorlarni falokat joyiga yetkazishdi.

Tabiiy ofat paytida psixologik-ijtimoiy yordam ko‘rsatish ishlari doirasida Qahramonmarash, Hatay, Usmoniya va Malatiya shaharlarida 4 ta mobil ijtimoiy xizmat ko‘rsatish markazi ishga tushirildi.

“Anadolu” xabariga ko‘ra, Turkiya janubidagi Hatay viloyatida zilziladan 176 soat o‘tib, qutqaruvchilar vayrona ostidan bir ayolni qutqarishga muvaffaq bo‘lishdi. Antakiya shahrida yashovchi Serop Do‘nmez Jabroyil mahallasida qulagan uy devori ostidan tortib olindi. Birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgach, jabrdiyda shifoxonaga yetkazildi. Adiyaman shahrida esa xaloskorlar zilziladan 178 soat o‘tib 6 yoshli bolaning hayotini saqlab qolishdi. Qidiruv davom etmoqda.

 O‘zA