Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida IT-park direktorining ta’limni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosari Mahliyo Muhsinova ishtirokida brifing o‘tkazildi.
Qayd etilishicha, mamlakatimizda IT-sohani yanada rivojlantirish, xalqaro standartlarga javob beradigan malakali kadrlarni tayyorlash masalasiga katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, xalqaro IT-sertifikatlarini olishda rag‘batlantirish tizimi yoshlarning muvaffaqiyatli ijtimoiylashuvi va o‘z ustida ishlash uchun sharoit yaratishga, salohiyatini oshirish, shuningdek, mamlakat rivoji yo‘lida salmoqli hissa qo‘shishiga ko‘maklashmoqda.
Rag‘batlantirish dasturi IT-mutaxassislariga xalqaro sertifikat olishga sarflanadigan mablag‘ning 50 foizigacha kompensatsiya olish imkonini beradi. Kompensatsiya pulini xalqaro IT-sertifikatlarini olgan 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolari qo‘lga kiritishi mumkin. Arizalar onlayn tarzda my.gov.uz portali orqali yuboriladi. Kompensatsiya beriladigan xalqaro IT-sertifikatlarining to‘liq ro‘yxati it-istedod.uz saytida joylashtirilgan. Ushbu xalqaro IT-sertifikatlarni olish uchun onlayn va oflayn tarzda kurslarni tugatish mumkin.
Onlayn kurslarni HUAWEI, Coursera, Skillbox, Geekbrains kabi platformalarda, oflayn ta’limni esa IT-Park Toshkent filialida hamda poytaxtda joylashgan bir qator xususiy o‘quv markazlarida olish mumkin.
Sifatli IT-ta’limning asosini yaratish va soha qiziquvchilarga, shuningdek, IT-Park rezidenti bo‘lgan ta’lim muassasalari bitiruvchilariga uskunalar xarid qilish uchun kreditlar berish imkoniyati taqdim etildi. Qarz mablag‘lari 2 yil muddatga taqdim etilib, uning foizi Yoshlar ishlari agentligi byudjeti hisobidan qoplanadi. Asosiy qarzni qarz oluvchining o‘zi to‘laydi.
Kreditlarni “One Million Uzbek Coders” platformasidagi kurslarni maksimum ikki oy oldin tamomlaganlik sertifikatiga ega bo‘lganlar yoki oxirgi 6 oy davomida IT-Park rezidenti hisoblangan tashkilotlarning IT sohadagi o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tamomlaganlik haqidagi sertifikatga ega bo‘lganlar olishi mumkin.
Pul mablag‘lari “Xalq banki”, “Aloqa bank” va “Mikrokreditbank” tomonidan bazaviy hisoblash miqdorining 25 barobaridan ko‘p bo‘lmagan miqdorda beriladi.
Kompleks chora-tadbirlarning amaldagi isboti o‘laroq, 2022 yilda bo‘lib o‘tgan “ICTWEEK Uzbekistan” haftaligi doirasida 200 million dollarga yaqin 10 ta yirik hujjat imzolandi.
Jumladan, Coursera xalqaro ochiq onlayn ta’lim platformasi bilan kelishuvga ko‘ra, 2023 yildan boshlab 1 milliondan ortiq o‘zbekistonlik o‘g‘il-qizlar ITning 3 ta asosiy yo‘nalishi (Frontend, Python, IT-English) bo‘yicha platformadagi mavjud onlayn kurslarda qatnashishi va xalqaro IT –sertifikatga ega bo‘lish imkoniyati yaratildi.
Bundan tashqari, sifatli va hamyonbop IT-ta’limni rivojlantirish maqsadida Raqamli texnologiyalar vazirligi va IT-Park ma’muriyati bilan hamkorlikda IT-Bilim moliyalashtirish tashkiloti va bilgi.uz platformalari ishga tushirildi.
Ushbu platforma orqali IT-sohasida bilim olishni xohlovchi yoshlar, moliyaviy yordamga muhtojlar, ta’lim muassasalari, moliyaviy tashkilotlar va murojaatchilar IT Bilim tashkilotiga murojaat qilib, Markaziy bankning asosiy stavkasidan yuqori bo‘lmagan foizlarda, imtiyozli davr bilan 3 yilgacha bo‘lgan muddatda maqsadli qarz olishlari mumkin bo‘ladi.
Mablag‘lar ariza beruvchining moliyaviy barqarorlik ko‘rsatkichlari, garov ta’minoti miqdori va talablaridan kelib chiqib ajratiladi.
O‘zA