“O‘zbekistonda migrantlar va ularning oilalari uchun OIV profilaktikasi va davolash xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini mustahkamlash” loyihasini amalga oshirishda ko‘makdosh ko‘p tarmoqli guruhining loyiha muhokamasi yuzasidan yig‘ilishi o‘tkazildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2021 yilda 1,5 milliondan ortiq yurtimiz fuqarosi xorijda mehnat migranti sifatida qayd etilgan. Ularning 70 foizi Rossiyada, 12 foizi Qozog‘istonda, 4 foizi Koreyada va 3 foizi Turkiyada bo‘lgan. 2021 yil yanvar oyi holatiga ko‘ra erkak migrantlar jami migrantlarning 71,3 foizini, ayollar esa 28,7 foizini tashkil etgan va umumiy migrantlarning 59,2 foizi 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan shaxslardir.

Migrantlar orasida OIV infeksiyasini yuqtirib olish xavfi yuqori bo‘lib, OIVga qarshi dasturlar ularni qamrab olishi zarur. Mutaxassislarning so‘zlariga ko‘ra, xorijda OIV bilan yashayotgan o‘zbek migrantlari haqida ma’lumot yetarli darajada emas. OIVning oldini olish va davolash bo‘yicha migrantlarning ehtiyojlari va xabardorlik darajasi yetarlicha o‘rganilmagan. Migrantlar bir qancha sabablar, jumladan, virus aniqlangan taqdirda o‘zlari ishlayotgan mamlakatdan deportatsiya qilinish ehtimolini o‘ylab, OIV testini o‘tkazishdan qochadi. Shuningdek, migrantlar orasida OIVning oldini olish va davolash bo‘yicha xabardorlik va bilimlar yetarli darajada emas.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati migrantlar manfaatlarini hisobga oluvchi OIV dasturini ishlab chiqishga ko‘maklashish maqsadida nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda qator tadbirlarni amalga oshiradi.

Yig‘ilishda ushbu tadbirlar doirasidagi loyiha strategiyasining taqdimoti, o‘tkazildi.

 

M.Qosimova,  

O‘zA