Hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur umumbashariy ahamiyatga molik siymolar hisoblanadi. Ularning ijodiy va ilmiy merosi nafaqat yurtimizda, balki butun dunyoda har tomonlama o‘rganilmoqda, xotirasi esa keng ko‘lamlarda e’zozlanmoqda.

Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi O‘zbekiston Bosh konsulxonasining tashabbusi bilan O‘zbek madaniyat markazida xalqimizning buyuk namoyandalari hazrat Alisher Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludi sanalari munosabati bilan adabiy-badiiy kecha o‘tkazildi.

Leningrad oblasti ma’muriyatining mahalliy o‘zini boshqarish, millatlararo va konfessional munosabatlar bo‘yicha maslahatchisi, professor V. Mixaylenko «Alisher Navoiy ijodiy merosi va zamon» mavzusida ma’ruza qildi. Ma’ruzachi buyuk o‘zbek shoiri va mutafakkirining asarlarida ko‘tarilgan masalalar hozirgi paytda ham muhim ahamiyatga ega ekanini, Navoiy ijodiga qiziqish jahon miqyosida, jumladan, Rossiyada ham ortib borayotganini alohida ta’kidladi. Butun dunyoda bo‘lgani kabi rossiyalik sharqshunos olimlar ham Navoiy hayoti va ijodini atroflicha o‘rganayotgani, uning o‘lmas asarlarini targ‘ib qilib kelayotganlariga alohida urg‘u berdi. U, xususan, hazrat Navoiyni insoniyatning mutafakkir muallimlaridan biri deb atadi.

O‘zbekiston va Belarus Yozuvchilar uyushmasining a’zosi, shoir va adib Ismat Ko‘chiyev «Bobur Mirzoning hayoti va ijodi» mavzusida ma’ruza qildi.

Bobur Mirzo o‘z hayotining asosiy qismini harbiy yurishlar va janglarda o‘tkazgan. U Movarounnahrning tarqoq viloyatlarini birlashtirish va buyuk temuriylar davlatini yangidan tiklashga urindi. Bobur Mirzoning ulkan davlat yaratish orzusi Hindistonda amalga oshdi, u 1526 yilda o‘z lashkari bilan shu mamlakatga yo‘l oldi. 1529 yilga kelib Bobur Mirzoning davlati Sharqiy Afg‘oniston, Panjob va Bengaliya chegarasigacha Gang vohasini o‘z ichiga olardi.  Bobur Mirzo qirq yetti yillik hayoti mobaynida boy adabiy va ilmiy meros qoldirdi. U jahon miqyosida e’tirof etilgan mashhur «Boburnoma», ajoyib g‘azallar va ruboiylar, musulmon qonunchiligiga oid «Mubayyin», she’riyat qoidalariga bag‘ishlangan «Aruz risolasi», musiqa va harbiy san’atga bag‘ishlangan asarlar, shuningdek «Xatti Boburiy» maxsus alifbosini yaratgan.

Tadbirda Alisher Navoiy va Mirzo Bobur hayoti va ijodiga bag‘ishlangan hujjatli filmlardan parchalar namoyish qilindi. Sant-Peterburg shahrida ta’lim olayotgan talabalar ijrosida ularning g‘azaliyotidan namunalar o‘qildi.

Tadbir so‘ngida shoir va adib Ismat Ko‘chiyevning yangi asari, rus tilida nashr qilingan «Bobur Mirzo asrlar oralab» dostoni qatnashchilarga hadya qilindi.

O‘zA