Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Orolbo‘yi aholisi turmush farovonligini yuksaltirish, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, yangi tadbirkorlik sub’ektlarini tashkil etish orqali ish o‘rinlari yaratish, aholini qiynayotgan turli muammolarni bartaraf etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasining Taxiatosh tumani Surxondaryo viloyatiga biriktirilgan edi.

Surxondaryo viloyati tadbirkorlari tomonidan Taxiatosh tumanida 2022-2023-yillarda qiymati 239,6 milliard so‘mlik 19 ta loyihani amalga oshirish hisobiga 1 ming 372 ta ish o‘rni yaratish rejalashtirilgan. Jumladan, sanoat sohasida 157 milliard so‘mlik 10 ta, qishloq xo‘jaligi sohasida 38,2 milliard so‘mlik 4 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 44,5 milliard so‘mlik 5 ta loyiha amalga oshiriladi. 

Surxondaryolik tadbirkorlarning yordami bilan “Sarayko‘l” ovul fuqarolar yig‘inida yoshlar uchun mini futbol (gazon) maydonchasi, “Xalqlar do‘stligi” mahalla fuqarolar yig‘inida kutubxona, “Taxiatosh” mahalla fuqarolar yig‘ini binosi yangidan qurilib foydalanishga topshirildi. Bundan tashqari, tuman yoshlari uchun 2 ta yangi Workout maydonchasi uchun asbob-anjomlar olib kelinib, “Yoshlar bog‘i” qurilishiga 2 milliard so‘m mablag‘ ajratildi. Tumanning drenaj tizimini yangilashga moddiy ko‘mak ko‘rsatildi. Viloyat hokimligi tomonidan 100 ta xonadonga mo‘ljallangan issiqxona qurish ishlari olib borilmoqda.

Umumiy qiymati 3,5 milliard so‘mlik 1 ta loyihaga yer maydoni ajratilib, hozirda Surxondaryo viloyati hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” Injinering kompaniyasi  tomonidan mazkur ob’ektning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilgan bo‘lsa, qiymati 158,9 milliard so‘mlik 10 ta loyiha tashabbuskorlari tomonidan tanlangan yer maydonlari 2023 yilning 9-14 fevral kunlari bo‘lib o‘tadigan elektron auksion savdosiga chiqarilmoqda.

Qolgan qiymati 69,7 milliard so‘mlik 6 ta loyihaga yer maydoni talab etilmaydi. Chunki loyiha tashabbuskorlarining mavjud yer maydonlarida amalga oshrililishi rejalashtirilgan ushbu loyihalar doirasida tijorat banklari bilan birgalikda tarmoq jadvaliga muvofiq ishlar olib borilmoqda.

Surxondaryo viloyatining shahar va tuman hokimliklari Taxiatosh tumanining har bir mahalla hamda ovul fuqarolar yig‘inlariga “mahallabay” ishlash tizimini rivojlantirish, oilaviy tadbirkorlikni kengaytirish hamda aholi bandligiga ko‘maklashish maqsadida biriktirildi. O‘tgan yilning aprel oyida viloyatdagi barcha shahar va tuman hokimliklari o‘zlariga biriktirilgan hududlarga tashrif buyurgan holda, “mahallabay” ishlash, aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha tajriba almashildi.

Tashrif davomida hudud aholisini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bir qator ishlar olib borildi. O‘z navbatida Taxiatosh tumani faollarining har chorakda viloyatga tashriflari tashkil etilib, amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishish, tajriba almashish tizimi yo‘lga qo‘yildi.Jumladan,Taxiatosh tumani hokimi boshchiligida faollar hamda yoshlar, shuningdek, hokim yordamchilari o‘tgan yilning 16-20 mart kunlari viloyatga tashrif buyurib, diqqatga sazovor joylar bilan tanishtirildi hamda keng miqyosda nishonlangan “Navro‘z” umumxalq bayramida ishtirok etdi. Aprel oyida Surxondaryo viloyati xokimi boshchiligida tashkilotlar, faollar, tadbirkorlardan iborat delegatsiya Taxiatosh tumanini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishni jadallashtirish, “mahallabay” ishlash tizimini rivojlantirish maqsadida tashrif buyurdi.

Tashrif davomida viloyat delegatsiyasi tomonidan 22 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasida surxondaryolik va qoraqolpog‘istonlik o‘quvchi yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus – besh imkon” shiori ostida tadbirlar, sport musobaqalari va ko‘rik tanlovlar tashkil etildi. G‘olib bo‘lgan o‘quvchi yoshlarga homiylar tomonidan estalik savg‘olari, xususan, ming dona kitob, 50 ta kompyuter jamlanmasi hamda ehtiyojmand oilalar farzandlari uchun maktab formalari topshirildi. 2022 yilning 7-8 may kunlari Boysun tumanida bo‘lib o‘tgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivaliga Taxiatosh tumani faollari taklif etildi. Ushbu festivalga 100 nafardan ortiq qoraqalpog‘istonlik faollar hamda madaniyat xodimlari yuqori saviyada bo‘lib o‘tgan festivalni tomosha qildi.

–Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bobolarimiz yurti Surxondaryo viloyati hokimligi tomonidan ko‘rsatilayotgan beminnat yordamdan tumanimiz aholisi  mamnun, –deydi “Nuroniy” jamg‘armasi kengashi a’zosi, Qoraqalpog‘iston Respublikasiga xizmat ko‘rsatgan jurnalist Joldasboy Nurillayev. – Viloyatning tajribali mutaxassislari paxtachilik, chorvachilik va boshqa sohalarda ilg‘or tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda. Viloyat hokimligi tashabbusi bilan “Naymanko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini hududdagi “Nuroniylar choyxonasi” foydalanishga topshirilishi keksa avlod vakillari uchun haqiqiy tuhfa bo‘ldi.

Surxondaryo viloyati tajribasi asosida “Ostona kilem” mas’uliyati cheklangan jamiyatitomonidan kooperatsiya asosida gilamchilikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirish loyihasi ishga tushirilib, 50 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Mazkur loyihani kengaytirish ishlari davom etirilmoqda.

Yuqorida qayd etilgan tadbirlar bilan birgalikda tumanning ijtimoiy infratuzilmani yaxshilash, ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash hamda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish bo‘yicha bir qator ishlar olib borilmoqda.

Viloyat hokimligi tashabbusi bilan tumanida 150 o‘rinli bog‘cha qurish rejalashtirilgan bo‘lib, loyihaga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining 2022 yil 26 apreldagi qarori bilan yer maydoni ajratildi. Hozirda viloyat hokimligi “Yagona buyurtmachi xizmati” Injinering kompaniyasi tomonidan ob’ektning loyiha-smeta hujjatlari ishlab chiqilmoqda.

Ijtimoiy himoyaga muhtoj va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Taxiatosh tumanida 50 ta ixcham issiqxona qurib berildi, 50 ta xonadonga tikuv mashinasi hamda 20 ta xonadonga 500 tadan jo‘ja ochish quvvatiga ega bo‘lgan inkubator yetkazib berildi. Shu bilan birgalikda Taxiatosh tumani aholisining asosiy turdagi oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini qondirish va ichki bozorlarda narxlar barqarorligini  saqlash maqsadida 67 tonna kartoshka, 68 tonna piyoz, 32 tonna sabzi, 8 tonna mevalar, 60 tonna poliz mahsulotlari, 4 tonna dukkakli mahsulotlar hamda 133 tonna go‘sht, un, yog‘ hamda shakar yetkazib berildi.

Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish  maqsadida 2021 yilda 7,2 kilometr ariqni tozalash ishlari bajarilgan bo‘lsa, 2022 yilning yanvar-iyun oylari davomida 5 kilometr irrigatsiya tarmoqlarini tozalash ishlari olib borildi.  bugungi kunda 3 dona texnika jalb etilgan holda amaliy ishlar davom ettirilmoqda. Tumanning yer maydonlarida sho‘rlanishning oldini olish maqsadida 22 kilometr meliorativ tarmoqni tozalash va rekonstruksiya qilish uchun viloyat hokimining 2022 yil 16 iyundagi farmoyishi bilan 400 million so‘m mablag‘ ajratilib, bugungi kunga qadar 1,3 kilometrga teng meliorativ tarmoq tozalanib, rekonstruksiya qilish ishlari davom ettirilmoqda. Shu bilan birgalikda viloyat hokimligi tomonidan Taxiatosh tumani qishloq xo‘jaligi bo‘limi binosi to‘liq ta’mirlab berildi.

–Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan joriy etilgan hokim yordamchilari faoliyatini takomillashtirishda surxondaryoliklar bizga yaqindan yordam bermoqda,–deydi “Xalqlar do‘stligi” mahalla fuqarolar yig‘inidagi hokim yordamchisi Sultanbek Joldasbayev.–Yoshlarimiz tomonidan kutubxona barpo etishga amaliy yordam so‘raldi. Ushbu murojaat ijobiy hal etilib, Termiz shahar hokimligi tashabbusi bilan homiylik asosida kutubxona qurib berilib, 1000 dona kitob jamlanmasi hamda 4 dona kompyuter jamlanmasi bilan to‘ldirildi. Bunning uchun yoshlarimiz nomidan minatdorlik bildiramiz.

Surxondaryo viloyati hokimining o‘rinbosari – oila va xotin-qizlar boshqarmasi boshlig‘i Zulxumor Xidirova boshchiligida mas’ullar Taxiatosh tumanining “Obod makon” va “Do‘stlik” mahallalarida joylashgan monomarkazlar faoliyati bilan tanishishdi. Mazkur markazlarda “Ayollar daftari” platformasiga kiritilgan xotin-qizlarni kasb hunarga o‘qitish, ularning bandligini ta’minlash borasida olib borilayotgan ishlar ko‘zdan kechirildi va tikuv mashinalari hamda dastgohlar topshirildi. Tumanda ishsiz xotin-qizlarni kasb-hunarga o‘qitish va bandligini ta’minlash bo‘yicha Surxondaryo tajribasini joriy etish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilandi.

Shuningdek, delegatsiya a’zolari 4-sonli umumta’lim maktabi qoshida tashkil etilgan muzeydan o‘rin olgan qoraqolpoq madaniyati, milliy qadriyatlari va tarixini o‘zida mujassam etgan eksponatlar bilan ham tanishdi. Aholi salomatligini muhofaza qilishda ham surxondaryolik mutaxassislar bilan yaxshi hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Tumanga tarif buyurgan 15 nafar yuqori malakali shifokor ishtirokida tuman aholisi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, yuqori texnologik jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi.

Taxiatosh tumani hokimligi va Surxondaryo viloyati hokimligi hamkorligida Besh muhim tashabbus doirasida turli tadbirlar o‘tkazildi. Jumladan Taxiatosh tumani hamda Surxandaryo viloyati hokimlari kubogi uchun mini futbol, tennis va shaxmat bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilib, g‘oliblar pul mukofotlari va qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Angor tumani hokimligi tomonidan “Jayhun” mahalla fuqarolar yig‘inida 260 million so‘mlik homiylik mablag‘i hisobidan 12 kishiga mo‘ljallangan elektron axborot kutubxona, 6 o‘rinli tikuvchilik sexi binosi hamda ushbu ob’ektlarni o‘quv kitoblar, kompyuterlar, asbob-uskunalar hamda mebellar bilan jihozlash rejalashtirilgan bo‘lib, bugungi kunda 65 million so‘mlik qurilish ishlari bajarildi. Denov tumani hokimligi tomonidan “Keneges” ovul fuqarolar yig‘inida obodonlashtirish maqsadida 800 tup manzarali ko‘chat ekilgan bo‘lsa, ovuldagi eski bolalar bog‘chasi binosini ta’mirlash bo‘yicha loyiha ishlari amalga oshirilmoqda.

Jarqo‘rg‘on tumani hokimligi tomonidan “Oydin yo‘l” mahalla fuqarolar yig‘ini yoshlariga 100 dona kitob, 5 ta kompyuter hamda ehtiyojmand oilalarning 30 nafar  farzandlari uchun maktab formalari topshirildi. Bundan tashqari, bandligini ta’minlash maqsadida 10 nafar yoshga 5 ta payvandlash apparati va 5 ta tikuv mashinalari yetkazib berilgan bo‘lsa, 5 ta ixcham issiqxona qurish hamda 20 ta xonadonga 500 tadan jo‘ja ochish quvvatiga ega bo‘lgan inkubator yetkazib berish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Muzrabot tumani hokimligi tomonidan “Naymanko‘l” ovul fuqarolar yig‘ini xizmat binosining moddiy-texnik bazasini yaxshilash maqsadida
5 ta kompyuter jamlanmasi, “Ayollar daftari” ga kiritilgan xotin-qizlar bandligini ta’minlash maqsadida ovul fuqarolar yig‘ini  binosi qoshida 1 ta xona ajratilib, 5 ta tikuv mashinasi yetkazib berildi. “Naymanko‘l” ovulida 12 million so‘m homiylik mablag‘ hisobiga yo‘lakchalar qurilib, binoning ichki tomoni ta’mirlab berildi.  Shuningdek, ovul fuqarolar yig‘inidagi suv borishi og‘ir bo‘lgan 150 ta xonadonning suv ta’minotini yaxshilash maqsadida 500 metr kub sig‘imli nasos stansiyasi qurish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

– Oltinsoy tumani hokimligi tomonidan aholi bandligini ta’minlash, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash borasida yordam berilmoqda, – deydi “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Janabay Ametov. – Jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 5 ta inkubator, jismoniy imkoniyati cheklangan fuqarolarga 5 tasartaroshlik asbob-uskunasi, 2 ta elektr payvandlash uskunasi, 1 ta qurilish materiallarini qirqish uskunasi, 2 ta plastik quvurlarni payvandlash uskunasi taqdim etildi.  Shuningdek, ishsiz ayollar bandligini ta’minlash maqsadida “Taxiatosh Vorkshop” ishlab chiqarish korxonasining bo‘sh turgan binosida tikuvchilik korxonasi tashkil etilib, ayollar bandligi ta’minlandi. Bundan tashqari “Nurbibi Jannat” mas’uliyati cheklangan jamiyati  yer maydonida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini sotish uchun mo‘ljallangan bozorcha tashkil etish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Qumqo‘rg‘onTermiz, Uzun, Sherobod, Sho‘rchi tumanlari hamda Termiz shahar hokimliklari tomonidan “Obod makon”, “Nurli kelajak” “Taxiatosh” “Xalqlar do‘stligi”  “Qushchilik” “Sarayko‘l” “Markaziy” mahalla fuqarolar yig‘inlarida xotin-qizlarni ish bilan ta’minlash maqsadida  zamonaviy tikuv mashinalari, aholining qo‘shimcha daromadlarini oshirish maqsadida  kompyuter jamlanmasi, mikroto‘lqinli pech, inkubatorlar,  payvandlash uskunalari olib berildi. Aholi murojaatlari asosida kutubxona,  hammom, bolalar maydonchalarini qurish, ko‘p qavatli uylarning oldiga yoritish chirog‘i o‘rnatish, beton yo‘laklar barpo etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Joriy yilda viloyat hokimligi, “Graf Almaz” hamda  “Surhon Boychechaklari” mas’uliyati cheklangan jamiyatlari tomonidan Davlat xususiy sherikchilik asosida maktabgacha ta’lim tashkilotini qurish, “Surxon Taxiatosh mebel” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan mebel mahsulotlari ishlab chikarish, “Taxiatosh Termiz Biznes” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Transport logistika xizmati, “Lola kamalagi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan muzlatgichli omborxona qurish,  “O‘tan Polvon” xususiy korxonasi tomonidan Tibbiy diagnostika markazi, “Santexgazmontaj” xususiy korxonasi tomonidan Ohak ishlab chiqarish, “Saodatbonu Aziza” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Lak bo‘yoq mahsulotlari ishlab chiqarish, “City Termiz Group” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan Don mahsulotlarini qayta ishlash, un ishlab chiqarish korxonasini tashkil etish, “Taxiatosh Denov chorvasi” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan yirik va mayda shoxli chorvachilik kompleksini va junni qayta ishlashni tashkil etish, “North Industry Materials” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan omuxta yem ishlab chiqarishni tashkil etish, “Termiz tezkor kurilish” ITKT tomonidan 10 turdagi kurilish materiali ishlab chikarishni tashkil etish va boshqa loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Yaqinda tumanga viloyatdan 7 vagon qurilish materiali olib kelindi. Ushbu qurilish materiallari ijtimoiy ob’ektlar qurilishiga,  kam ta’minlangan, ehtiyojmand oilalarning uylarini tamirlashga yo‘naltirilmoqda.

 

Dovud ABIBULLAEV,

 Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA