Joriy yil 10-11 fevral kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Madaniyat va turizm vazirligi ko‘magida “Travel Bazaar-2023” forumi bo‘lib o‘tadi.

Mazkur turizm anjumani Markaziy Osiyoda sayohat tajribasini shakllantiruvchi, turizm xizmati taklif etuvchilar uchun muhim tadbir bo‘lib, rivojlanish, hamkorlik va yangi yechimlar izlash uchun yaratilgan qulay platformadir.

Tadbirda 200 dan ortiq mehmon – turoperator va gidlar, restavratorlar, mehmonxonachilar va sohaga ixtisoslashgan korxonalar, ijodiy industriya va davlat sektori vakillari real holat, qiyinchilik, sayohat tendensiyasi haqida batafsil ma’lumotga ega bo‘lib, o‘zaro fikr almashadilar.

Ikki kun davomida 9 davlatdan qirqqa yaqin ma’ruzachi o‘z bilimini butun Markaziy Osiyodan yig‘ilgan hamkasblari bilan o‘rtoqlashadi. Jumladan, qiziqarli turizm tendensiyalari bo‘yicha davra suhbati o‘tkaziladi. “Yashil texnologiya nima va qancha turadi?” “Nega Markaziy Osiyoda agroturizm yo‘q?” kabi mavzular mutaxassislar tomonidan muhokama qilinadi.

Shu bilan birga turistik operatorlar va sayyohlik bilan bog‘liq biznes sohasi vakillari uchun “O‘sish nuqtalari. Qanday qilib shaharni dunyoning 1-raqamli manziliga aylantirish mumkin?” mavzularida yalpi majlis o‘tkaziladi.

Anjuman doirasida O‘zbekiston, Isroil, AQSH, Germaniya, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Rossiyaning taniqli amaliyotchi va soha yetakchilari tomonidan ijtimoiy tarmoqda shaxsiy brend yaratish bo‘yicha seminar, restoran xizmati va mahorat darsi o‘tkaziladi.

Shuningdek, forumda ko‘rgazma va gastronomik hudud, B2B uchrashuvlar va innovatsion turizm mahsulotlari taqdimoti ham rejalashtirilgan.

O‘zA