Faxriylarni e’zozlash, ularning xizmatlarini e’tirof etish, holidan xabar olish, ehtirom ko‘rsatish xalqimizga xos bo‘lgan azaliy an’analarimizdan biri sanaladi.

Milliy olimpiya qo‘mitasida mamlakatimizda yakkakurash sport turlarining rivojlanishida munosib xizmat qilib kelayotgan fidoyi sport mutaxassisi, yuzlab chempionlar ustozi Arslon Elovning 75 yoshni, O‘zbekistonda trampolin sporti poydevorini yaratgan mutaxassislardan biri Raziya Yakubovaning 70 yoshni qarshi olganligi munosabati tadbir tashkil etildi.

MOQ bosh kotibi Oybek Qosimov, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, bir guruh sport faxriylari ishtirok etgan marosimda har ikki sport faxriysining mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport rivojiga qo‘shgan hissasi, yoshlarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashdagi xizmatlari, jahon chempionlari, olimpiya o‘yinlari ishtirokchilarini tayyorlashdagi fidoyiligi alohida ta’kidlanib, Milliy olimpiya qo‘mitasining medallari, O‘zbekiston kasaba uyushmalari, Gimnastika federatsiyasi esdalik sovg‘alari topshirildi.


T.Ro‘ziyev, O‘zA