O‘zbekistonlik velosportchi Anna Kulikovadan olingan doping-sinamasida taqiqlangan modda borligi aniqlandi.

Bu haqda xabar tarqatgan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan yil 25 oktyabr kuni sportchi A.Kulikovadan musobaqadan tashqari holatda doping sinama olingan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, velosportchidan olingan namunadan Butunjahon antidoping agentligi tomonidan taqiqlangan ro‘yxatga kiritilgan «Metasteron» moddasi aniqlangan.

Bu esa O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi huzuridagi Axloq bo‘yicha komissiya qaroriga ko‘ra, velosportchi Anna Kulikovaga nisbatan 2 yil muddatga sport musobaqalarida ishtirok etishdan chetlatish jazosi qo‘llanilishiga olib keldi.

Endi sportchi 2022 yil 26 dekabrdan 2024 yilning 26 dekabriga qadar rasmiy turnirlarda, chempionatlarda ishtirok eta olmaydi.

  O‘zA