O‘q otish bo‘yicha o‘tkazilgan Jahon kubogi bahslarida O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Muhammad Kamolov oltin medalga musharraf bo‘ldi.
Mahoratli sportchimiz Indoneziyada tashkil etilgan musobaqaning 10 metrga to‘pponchadan o‘q otish dasturida ishtirok etib, saralash bahslarida barcha raqiblarini dog‘da qoldirdi.
Oltin medal uchun kechgan bahsda Muhammad Kamolov turkiyalik Muhammad Kelesdan ustun keldi.
Ta’kidlash joiz, ushbu g‘alaba orqali hamyurtimiz jahon va Olimpiada reytingi uchun 2000 ochko jamg‘arishga muvaffaq bo‘ldi.
Terma jamoamiz a’zosidan keyingi o‘rinlarni turkiyalik hamda indoneziyalik merganlar egalladi.
Yana bir e’tiborli jihat, Jahon kubogining ushbu yo‘nalishida Kamolovning muvaffaqiyati o‘zbekistonlik sportchilarning dastlabki yutug‘i hisoblanadi, deyiladi Milliy olimpiya qo‘mitasi xabarida.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA