Poytaxtimizdagi Simpoziumlar saroyida 23 mart kuni «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasi matbuot markazi ish boshladi.
Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda matbuot markazi rahbari – konferensiya matbuot kotibi Sh.Qudratxo‘jayev, O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti direktori V.Norov, Xalqaro munosabatlar axborot-tahlil markaz direktori E.Oripov, tarix fanlari doktori, professor Sh.Abdullayev va boshqalar Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan o‘tkaziladigan mazkur nufuzli anjumanning Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ta’minlash va qo‘shni Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatish jarayonlaridagi ahamiyati haqida to‘xtaldi.
Afg‘oniston bo‘yicha Toshkent xalqaro konferensiyasini yoritishda 300 ga yaqin mahalliy va 20 dan ortiq xorijiy OAV vakillari qatnashadi. Ular orasida «The New York Times», «BBC», «Jenmin Jibao», «NHK» kabi yirik xalqaro axborot agentliklari, nashrlar va telekanallar bor.
Jurnalistlarga qulaylik yaratish maqsadida O‘zbekiston xalqaro anjumanlar saroyida bo‘ladigan konferensiyaning asosiy tadbirlari matbuot markaziga to‘g‘ridan-to‘g‘ri translatsiya qilinadi. Bundan tashqari, markaz zamonaviy komputerlar, printerlar va boshqa ko‘p funksiyali qurilmalar bilan jihozlangan. Yuqori tezlikdagi Wi-Fi va simli uzatish orqali Internet tarmog‘iga ulanish imkoniyati mavjud.
Matbuot markazining ochilish marosimida Afg‘oniston bo‘yicha mutaxassis va ekspertlar ushbu mamlakat tarixi, dunyo hamjamiyati bilan aloqalari, O‘zbekiston – Afg‘oniston munosabatlarining bugungi holati va istiqbollari, siyosiy, iqtisodiy, sog‘liqni saqlash, madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlik haqida ishtirokchilarga batafsil ma’lumot berdi.
“O‘zbekiston va Afg‘oniston xalqlari o‘rtasidagi tarixiy, madaniy va sivilizatsiyaviy yaqinlik”, “O‘zbek – afg‘on munosabatlari: rivojlanishning yangi bosqichi”, “Afg‘onistondagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal qilish bo‘yicha xalqaro tashabbuslar” kabi mavzularda ma’ruzalar tinglandi.