Niderlandiyada davom etayotgan “Tata Steel Chess” xalqaro turniri o‘z g‘olib va sovrindorlarini aniqlash nuqtasiga tobora yaqinlashmoqda.
“Masters” va “Chellenjer” guruhidagi bahslarning 10 ta turi ortda qoldi. Har ikki guruhda kimlar asosiy o‘rinlar uchun kurashishi deyarli ma’lum bo‘lib qoldi.
Xalqaro turnirning “Masters” guruhida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov 7 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Undan keyingi o‘rinlarda borayotgan niderlandiyalik Anish Giri 6,5, norvegiyalik Magnus Karlsen va amerikalik Uesli So 6, AQSH sharafini himoya qilayotgan Levon Aronyan va Fabiano Karuana 5,5, hindistonlik Rameshbabu Praggnananda va vengriyalik Richard Rapport 5 hamda xitoylik Din Lijen 4,5 ochko bilan g‘oliblikka da’vogarligini davom ettirmoqda.
Voqealar rivoji qay tarzda davom etishi bugungi 11-tur va ertangi 12-tur bahslariga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.
Aynan, bugun 27 yanvar kuni guruhdagi asosiy o‘yinlar haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, unda qora donalarda Nodirbek Abdusattorov oq donalarda harakatlanadigan Anish Giriga qarshi kurash olib boradi. Shuningdek, Magnus Karlsen – Uesli So, Levon Aronyan va Fabiano Karuana “duel”lari ham ko‘p masalalarni oydinlashtiradi.
Shu o‘rinda aytish lozim, Nodirbekdan mag‘lub bo‘lgan amaldagi jahon chempioni Magnus Karlsen “Tata Steel Chess” xalqaro turnirining keyingi to‘rtta turning uchtasida g‘alabaga erishdi. Bu esa bahslar yanada shiddatli tus olishini ta’minlamoqda.
Karlsen 11-turda Uesli Soga, 12-turda Rameshbabu Praggnanandaga qarshi bahslarni oq donalarda o‘tkazishi uning o‘yinlarda “yarim qadam” ustunligidan dalolat berayotgandek. Nodirbekning esa 11-turda asosiy ta’qibchisi Anish Giriga va 12-turda amerikalik Uesli Soga qarshi bahsda ham qora donalarda harakatlanishini nazarda tutsak, hamyurtimizning g‘oliblik yo‘lidagi harakati murakkab vaziyatda ekanligini anglatmoqda.
Ammo, har qanday chigal masalaga to‘g‘ri yechim topishga qodir Abdusattorovdan bu gal ham munosib o‘yin kutib qolamiz.
Xalqaro turnirning “Chellenjer” guruhida 6,5 ochko jamg‘arib, 3-o‘rinda borayotgan iste’dodli shaxmatchimiz Javohir Sindorov 11-turda niderlandiyalik Maks Uormerdam bilan ro‘baro‘ keladi.
Ushbu guruhda 10-turdan keyin 7 ochkoga ega turkiyalik Mustafa Yilmaz va Germaniya sharafini himoya qilayotgan Aleksandr Donchenko yetakchilik qilmoqda. Bugun Sindorovga qarshi 11-turda bahs o‘tkazadigan Maks Uormerdam esa 4,5 ochkoga ega bo‘lgan holda kuchli o‘nlikda bormoqda.
Shu o‘rinda qiziq bir faktni keltirib o‘tish joiz. Mamlakatimiz shaxmatchilari g‘oliblikka erishgan 44-Butunjahon shaxmat olimpiadasida terma jamoamizning yetakchi grossmeysterlaridan biri Jahongir Vohidov aynan Maks Uormerdamdan ustun kelgandi.
Maks Uormerdam – Javohir Sindorov uchrashuvi qay tarzda kechishini bashorat qilish fikridan yiroqmiz. Shuni bilamizki, J.Sindorov mazkur bahsda oq donalarda o‘ynaydi.
To‘lqin Ro‘ziyev,
O‘zA