Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi har oyda O‘zbekiston avtomobil bozoridagi vaziyatni tahlil qilib boradi. Shu nuqtai nazardan markaz O‘zbekiston avtomobil bozoridagi vaziyat haqida navbatdagi sharhni e’lon qildi.

Qayd etilishicha, dekabr oyida mahalliy brendlarning yangi yengil avtomobillarini sotish 13,4 mingtani tashkil etdi, bu 2021 yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaydi.

Dekabr oyida avtomobil bozorida faollikning sezilarli pasayishiga qaramay, 2022 yilda avtomobillarning umumiy savdosi 87 foizga rekord darajada o‘sishni ko‘rsatdi.

Dekabr oyida sotilgan avtomobillarning umumiy soni noyabr oyiga nisbatan 32 foizga kamaygan holda 107 mingtadan oshdi. UzAuto Motors tomonidan “Chevrolet Lacetti”, “Cobalt”, “Damas” va “Labo” avtomobillari bilan shartnoma tuzishning vaqtincha to‘xtatilishi avtomobil bozoridagi faollikni pasaytiruvchi omillardan biri bo‘ldi. Umuman olganda, respublikada yil boshidan buyon avtomobillar savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 2 baravar oshdi.

Dekabr oyi birlamchi avtomobil bozorida sotuvlarning sezilarli darajada kamayishi bilan ajralib turdi, bir oy ichida ro‘yxatga olingan avtotransport vositalari soni 50 foizga kamaydi. Shu bilan birga, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan pasayish deyarli 40 foizni tashkil etdi.

Ikkilamchi avtomobil bozorida sotuvlarning pasayishi birlamchi bozorga qaraganda yuqori bo‘lmadi. Shu bilan birga, ikkilamchi avtomobil bozori yil davomida ikki baravar oshdi.

O‘tgan yilning dekabr oyida ikkilamchi bozorda 91 mingdan ortiq avtotransport vositalari sotildi, bu o‘tgan oyga nisbatan 28 foizga kam. Umuman olganda o‘tgan yilda birlamchi bozorda 312 mingdan ortiq avtotransport vositalari sotilgan. Ikkilamchi bozorda 1,1 millionta avtotransport vositalari sotildi, bu 2021 yilga nisbatan 2,4 baravar ko‘p degani.

Dekabr oyida mahalliy brendlarning yangi yengil avtomobillari savdosi o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 40 foizga kamaygan holda 13,4 mingtani tashkil etdi. Dekabr oyida chet elda ishlab chiqarilgan yangi avtomobillarning sotuvi sezilarli darajada 53 foizga kamaydi va 1,4 mingtani tashkil etdi. 2021 yilning shu davriga nisbatan pasayish 43 foizni tashkil etdi.

2022 yilda mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobillar savdosining o‘sishi 268 mingtadan oshdi, bu 2021 yilga nisbatan qariyb 49 foizga ko‘pdir. Umuman olganda, o‘tgan yil davomida O‘zbekistonda yangi xorijiy avtomobillar bozori 35 foizga o‘sib, 18,4 ming donani tashkil etdi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA