Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi “Yangi O‘zbekiston” universitetida o‘qishga hujjatlar qabuli shu yil 12 yanvardan boshlanib, joriy yil avgust oyiga qadar davom etishi rejalashtirilmoqda.

Endilikda talabalar 2023/2024 o‘quv yilidan bakalavr bosqichida kimyo va ilg‘or materiallar muhandisligi, mexanika muhandisligi, elektr muhandisligi, dasturiy ta’minot muhandisligi, kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt va robototexnika, amaliy matematika, iqtisodiyot va ma’lumotlar tahlili, pedagogika va sanoat boshqaruvi kabi yo‘nalishlarda ta’lim olishlari mumkin.

O‘qishga ariza topshirmoqchi bo‘lgan abituriyentlar newuu.uz saytiga kirib, qabul portaliga so‘ralgan ma’lumotlarni kiritishlari kerak bo‘ladi.

O‘qishga ariza topshirgan abituriyentlar imtihonlarni o‘z xohishiga ko‘ra, fevral, may yoki avgust oyida topshirishlari mumkin. Shuningdek, talabgorlar imtihonlarda bir necha marta qatnashishlari mumkin. Misol uchun, fevral oyida imtihonlarga qatnashgan va kirish imtihonlaridan olgan balidan qoniqmagan talabgor may va avgust oylarida qayta imtihon topshirish huquqiga ega.

Kirish imtihonlaridan tashqari talabgorlar til bilish sertifikatini ham taqdim etishi kerak. Agar talabgor hozirgi kunda til bilish sertifikatiga ega bo‘lmasa, joriy yilning 5 sentyabriga qadar mazkur sertifikatni taqdim etishi so‘raladi.

Hozirda texnikum va litseylarning bitiruvchi kurs talabalari hamda umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari “Yangi O‘zbekiston” universitetiga o‘qishga ariza topshirib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniga egadirlar.

Buning uchun ulardan o‘qishga ariza topshirish jarayonida bitiruvchi sinf yoki kurs ekanligini tasdiqlovchi ma’lumotnomani yuklashlari talab etiladi.

 

O‘zA