O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga Koreya Milliy sport universiteti prezidenti boshchiligidagi delegatsiya keldi.
Ikki oliygoh rahbariyati o‘rtasida tashkil etilgan uchrashuvda Koreya Milliy sport universiteti prezidenti janob Yongkyu Ahn va uning rafiqasi Kim Mira xonim, universitet dekani Xil Eun Bae, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori, professor Maxmudjon Boltabayev, universitet professori Bayek Mun Jong, prorektorlar, fakultet dekanlari, kafedra mudirlari, Olimpiya o‘yinlari chempionlari Ruslan Nuridinov va Akbar Jo‘rayevlar ishtirok etdi.
Tomonlar jismoniy tarbiya va sport sohasida ilm-fan va amaliyotni integratsiya qilish, xalqaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, kelajakda o‘quv-mashg‘ulotlarni ilmiy asosda tashkil qilish va murabbiylar malakasini oshirish hamda talabalar va xodimlar almashinuvi kabi dolzarb masalalarda fikr almashdi. Shundan so‘ng, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Koreya Milliy sport universiteti o‘rtasida xalqaro munosabatlarni o‘rnatish bo‘yicha hamkorlik Memorandumi imzolandi.
Tashrif yakunida faxrli mehmonlar universitet rahbariyati boshchiligida oliygoh hududidagi mavjud sport inshootlari, professor-o‘qituvchilar va talabalar uchun yaratilgan sharoitlar bilan yaqindan tanishdi.
Eslatib o‘tamiz, Koreya Milliy sport universiteti prezidenti boshchiligidagi delegatsiyaning O‘zbekistondagi tashrifi Samarqand viloyatidagi diqqatga sazovor joylarini borib ko‘rish bilan davom etadi.
A.Musayev,O‘zA.