Havo sifatini e’lon qilib boruvchi www.iqair.com saytining ma’lum qilishicha, havosi eng ifloslangan shaharlar ro‘yxatini Bishkek shahri boshqarmoqda, deb yozmoqda «Kazinform» agentligi.
Sayt keltirgan ma’lumotda aytilishicha, Bishkekda havoning ifloslanish darajasi 306 AQI (havo sifati indeksi) ni tashkil etgan. Bu belgi “xavfli”lik darajasi yuqori ekanini bildiradi.
Toza havoni eng ko‘p orzu qilayotgan shaharlar ro‘yxatida ikkinchi o‘rin Bangladeshning Dakka shahriga berildi, uchinchi o‘ringa esa Hindiston poytaxti Dehli shahri egalik qildi. Mazkur shaharlarda havoning tozalik darajasi «zararli» deb baholangan.
Havosi eng ko‘p ifloslangan shaharlar o‘ntaligidan Kalkutta (Hindiston), Karachi (Pokiston), Mumbay (Hindiston), Akkra (Gana), Bag‘dod (Iroq), Toshkent (O‘zbekiston) va Laxor (Pokiston) shaharlari joy olgan.
Ekologlarning fikricha, shaharlarning atmosferasi ifloslanishiga asosiy sabab, baland qavatli uylarning ko‘p qurilishi bo‘lmoqda. Chunki reja bilan qurilmagan osmono‘par binolar tog‘ tomondan kelayotgan shamolni to‘sib qo‘ymoqda.
Shuningdek, mahalliy aholining qishda uylarini isitish uchun ko‘mirdan foydalanishi ham shahar havosining bulg‘alanishiga sabab bo‘lmoqda.