Bir oy ichida Xitoyda 59 ming 938 kishi koronavirusdan vafot etgan, deb yozmoqda Reuters agentligi Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasi (NHC) vakili Szyao Yaxui bergan ma’lumotga tayanib.

Ushbu ma’lumot 8 dekabrdan 12 yanvargacha bo‘lgan vaqtga tegishli ekani aytilmoqda. 5 ming 503 kishi Covid-19 keltirib chiqargan o‘pka yetishmasligi oqibatida, 54 ming 435 ta o‘lim esa COVID-19 bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xastaliklar natijasida qayd etilgan.

Vafot etganlar o‘rtacha 80,3 yoshda, har o‘ntadan to‘qqiztasi 65 yoshdan yuqori bo‘lgan. Keksa yoshlilarning o‘limi juda yuqori, chunki ularda yurak-qontomir kasalliklari ko‘p uchraydi, deydi Szyao Yaxui.

Milliy sog‘liqni saqlash komissiyasining ta’kidlashicha, yuqorida keltirilgan o‘lim holatlarining barchasi kasalxonada qayd etilgan. Ko‘pchilik bemorlar uy sharoitida ham vafot etgan bo‘lishi mumkin, deyiladi xabarda.