«Ishonch telefonlariga ishonch bormi?»

Ishonch telefonlariga hech ishingiz tushganmi?

Ishonch telefonlari ishonchingizni oqlayaptimi?

Davlat tuzilmalariga biron bir masala yuzasidan ma’lumot olish maqsadida ishonch telefonlariga qo‘ng‘iroq qilganimizda, ko‘p hollarda bu telefonlarning ishlamayotganiga guvoh bo‘lamiz. Ayniqsa, yagona ishonch telefoni ko‘rsatilgan hollarda biz tashkilot bilan o‘z vaqtida bog‘lana olmaymiz. Sababi, ushbu yagona ishonch telefoni ham ish faoliyatida bo‘lmaydi.

Yana bir holat borki, ayrim tashkilotlarning operatorlari mijozni 80-90 navbatga qo‘yib, juda uzoq kutdirishi natijasida, sizning vaqt yo‘qotishingizga sabab bo‘ladi. Kamiga, navbat kuta turib, uyali aloqa vaqti uzilib qolsa, siz yana qayta navbat olib, operatorning sizga javob berishini kutishingizga to‘g‘ri keladi. Qizig‘i, ikkinchi urinishda operator bilan bog‘lana olasizmi yo‘qmi? Buni kutishga siz «bekorchi», asablaringiz ham mustahkam bo‘lishi kerak.

Xususan, «Ipoteka» banki bosh ofisi va uning joylardagi filiallarida, shaxsan tashrif buyurgan mijozlarga risoladagidek xizmat ko‘rsatilayotgan bo‘lishi mumkin. Biroq, masofadan turib murojaat qiladigan mijozlar bilan bank operatorlari qisqa fursatlarda bog‘lana qolmaydi. Ko‘p hollarda ushbu bankka qo‘ng‘iroq qilgan mijozlar operatorning javob berishini hatto 90 ga yaqin daqiqagacha kutishiga to‘g‘ri kelyapti.

Shu kabi ishonchni oqlamayotgan bir qancha tashkilotlarning «nag‘ma»siga afsuski, bugun ko‘pchilik duch kelyapti (loyihaning keyingi sonida ushbu tashkilotlarga ham to‘xtalamiz).

Mazkur muammolardan kelib chiqib, O‘zA ayrim Davlat tashkilotlarining ishonch telefonlarini tekshirib ko‘rdi. Videoda holatni batafsil ko‘rishingiz mumkin.

P/S: Maqsad ishonch telefonlariga nechog‘lik ishonch borligi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish.