Navro‘z bu tinchlik, totuvlik, farovonlik bayrami. Millati, dinidan qat’iy nazar, shu yurtda yashayotgan barcha millatlar, elatlar uchun birdek sevimli ayyom. Keksayu yosh uchun birdek aziz shodiyona!
Bu bayram oddiy bayram emas, balki xalqimizning tarixi, falsafasi, tushuncha tasavvurlari, qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan, millat bilan ulg‘ayib, millat bilan birga taraqqiy etgan bayram. Bu bayram qadim-qadim zamonlardan buyon elimiz ardoqlab kelayotgan, elimizni, yurtimizni ulug‘lab kelayotgan bayram. Quyida folk’lorshunos olim, filologiya fanlari doktori Jabbor Eshonqulov bilan Navro‘zning kelib chiqishi, tarixi, azaliy qadriyatlarimizning bizning kunimizgacha yashab kelayotgani, umumxalq bayrami bilan bog‘liq an’ana, urf-odat va marosimlarning hamon elimizning ardog‘ida ekani haqida suhbatlashdik.
— Jabbor aka Navro‘z yurtimizda umumxalq sayli sifatida nishonlanmoqda. Bu bilan yana Navro‘zning qadim va asl o‘zaniga, ildizga yuz burayapmizmi?
— Biz har yili bu ayyomni zo‘r tantanalar bilan nishonlaymiz. Har yili uning yangidan-yangi qirralarini, asrlar bo‘yi sir-sinoat bo‘lib kelayotgan jihatlarini kashf etib boraveramiz. Tarix bu shunchaki raqamlardangina iborat emas. U har bir xalqning tushuncha va tasavvurlari, quvonchu tashvishlari, orzu umidlarini ham ifoda etadi. Aytishimiz mumkinki, mustaqillik davrida Navro‘z tamomila yangicha mazmun va mohiyat kashf etdi. Xalqimiz hayotidan o‘zining munosib o‘rnini egalladi.
Chunki qadimda Navro‘z keng dala qirlar, tog‘lar, bog‘lar qo‘ynida butun elu ulus bilan birgalikda nishonlangan. Bunday sayllarda oddiy dehqon ham, amaldor ham barchasi birdek ishtirok etgan, Navro‘zning tantanali kutib olinishiga o‘z hissasini qo‘shgan. El, ulus bilan birlikni, totuvlikni yana bir karra his qilgan.
— Navro‘z bayramining kelib chiqishi haqidagi manbalar haqida ham ma’lumot berib o‘tsangiz?
— Navro‘z haqida tarixiy, adabiy manbalar ko‘p. Mahmud Qoshg‘ariy, Beruniy, Umar Xayyom, Alisher Navoiy kabi allomalarimizning asarlarida va boshqa manbalarda Navro‘z bayrami, u bilan bog‘liq urf-odatlar haqida ko‘plab ma’lumotlar keltirilgan.
Abu Rayhon Beruniy o‘zining «Qadim xalqlardan qolgan yodgorliklar» deb nomlangan asarida bu bayramga katta o‘rin ajratadi. Uning kelib chiqishi, tarixi haqida fikr yuritadi. Biroq, eng bu muhimi bu azaliy qadriyatning bizning kunimizgacha yashab kelayotgani, Navro‘z bilan bog‘liq an’ana, urf-odat va marosimlarning hamon elimizning ardog‘ida ekanligining o‘zi eng ishonchli va mu’tabar manbadir
Ma’lumki mavsumiy marosimlar dunyoning barcha xalqlari orasida eng ko‘hna tasavvurlar bilan bog‘liq holda paydo bo‘ladi. Ular xar bir xalq yashayotgan hududning shart – sharoiti, ob – havosi, xalqning turmush tarzi va boshqa bir qator faktorlar bilan bog‘liq ravishda shakllanib rivojlanadi. Xalqning asl, azaliy bayramlari birinchi galda uning folklorida o‘z aksini topadi.
Yil fasllarining almashinuvi bilan bog‘lik bilim va tajribalari, taqvim va hisoblari avloddan – avlodga turli aytim, maqol, matal, topishmoq, naql va afsonalar shaklida meros bo‘lib o‘tadi. Bayram marosimlarida ijro etiluvchi qo‘shiqlarda esa uning mazmun – mohiyati betakror metafora va o‘xshatishlar orqali, timsoliy tarzda ifoda etilganligini kuzatamiz. Davrlar o‘tishi bilan ularning ba’zilari marosimlardan uzilib, turli o‘rinlarda, turlicha ijro etilayotgan bo‘lsada, bayram tizimini yaxlit tasavvur etishga yordam beradi.
— Asrlar osha, ajdodlarimizdan o‘tib kelayotgan, navro‘z bilan bog‘liq mavsum, marosim qo‘shiqlari va yana boshqa ko‘plab lirik merosimiz qanchalik muhim badiiy – estetik, madaniy marifiy ahamiyatga ega deb o‘ylaysiz?
— Aynan ko‘klam paytida fasllar almashinuvi, tabiatning qayta tirilishi, uni jonlantirish bilan bog‘liq «Qozon to‘ldi» kabi qadimiy marosimlar, qo‘chqor, xo‘roz urishtirish tomoshalari, polvonlar kurashi, baxshilar bellashuvi, sumalak, lola sayllari bo‘lib o‘tgan. Ushbu marosim va sayllar mohiyatan inson hayotini yanada yaxshilash, tabiat mushkulotlarini yengillashtirish, kelayotgan ko‘klam va yangi yilni qutlab, uning qut-barakali o‘tishini Yaratgandan so‘rash, turli o‘yin, harakat, qo‘shiqlar asosida kelayotgan yilning qanday bo‘lishini chamalab ko‘rishga xizmat qilgan. Ushbu e’tiqod va u bilan bog‘liq marosimlar tizimi elimiz orasida bugungi kungacha yashab kelmoqda.
Navro‘z haqidagi afsonalarning birida ajdodlarimiz temir qoyani eritib, yangi makonga chiqqanligi, shu kunni yangi kun, yilning boshi, deb atagani aytiladi.
Temir qoyaning eritilishi, temirchilik sirlarining kashf etilishi bu albatta o‘z davri uchun katta bir inqilob, yangi bir tamaddunning boshlanishi edi.
Bugun insoniyat texnika taraqqiyotida juda ilgarilab ketdi, yuksak bir sivilizatsiyaga erishdi. Ana shu evrilishlarda, ana shu tamaddunda qachonlardir omoch haydab, tabiat, koinot haqida tafakkur qilgan ajdodlarimizning ham ulkan hissasi borligini, bu o‘lka hamisha ilmu ma’rifat, madaniyat va tafakkur beshigi bo‘lib kelganligini unutmasligimiz lozim.
Nima uchun tibbiyot, ilmu nujum, arifmetika va yana qator fanlarga aynan mana shu o‘lkada asos solindi? Navro‘z tarixini, uning mohiyatini o‘rgansak bu savollarga albatta javob topamiz.
— Boychechak i tutdilar,
Tut yog‘ochga osdilar.
Qilich bilan chopdilar,
Baxmal bilan yopdilar.
Mazkur qo‘shiq satrlari bir qaraganda anchayin jo‘n va tushuniksizdek tuyuladi?
— Lekin bu, faqat yuzaki qaraganda shunday. Bu qo‘shiqda boychechak muqaddas sanalib, «qurbonlik» qilinishi bilan bog‘liq qadim marosim haqida so‘z bormoqda.
Qish uzoq cho‘zilib, ko‘klam kelishi intiqlik bilan kutilganda Boychechak marosimi o‘tkazilgan. Bu marosim ulus hayotida muhim sanalgan va unga maxsus tayyorgarlik ko‘rilgan. Dastavval kattalar ijrosida o‘tkazilgan bu marosim keyinchalik bolalar folklori ko‘rinishini olgan. Zero, unutilgan ko‘pgina marosimlarning izlari aynan bolalar folklori tarkibida saqlanib qoladi.
Boychechak qo‘shig‘i tahlili shuni ko‘rsatadiki, qadimda bu marosim qish va ko‘klamning kurashini ifodalagan. Ulug‘ tilshunos alloma Mahmud Koshg‘ariyning qish va ko‘klam munozarasi haqidagi satrlarini eslaylik:
Qish yoz bilan to‘qnashdi,
Qahrga to‘lib qarashdi,
Kurash uchun yaqinlashdi,
Yengaman deb olishar.
Bu satrlar birinchidan qish va ko‘klam kurashi haqidagi tasavvurlar aks etgan qadimiy qo‘shiqlar Koshg‘ariy zamonida ham mavjud ekanligidan dalolat bersa, ikkinchidan u Boychechak marosim qo‘shig‘iga uyg‘un ekanligi bilan ham e’tiborga molikdir.
Boychechak tutgan bolalar uyma-uy yurib, xonadonlardan qishni haydaganlar. Marosim qanchlik tantanali o‘tsa, unda kuylangan ko‘klamni ulug‘lovchi qo‘shiqlar qanchalik baland kuylansa, qish shunchalik tez xonadonlarni tark etgan. Ko‘klam chechagi Boychechak esa xonadonlarga shodu-xurramlik, baxt va omad, to‘kinlik va baraka olib keladi, deb tasavvur qilingan. Ajdodlarimiz o‘zi bilan tabiat o‘rtasiga chegara qo‘ymagan. Insonni tabiatning bir bo‘lagi deb qaragan. Boshi uzra porlab turgan oy, quyosh hamda yulduzlar, atrofini o‘rab turgan tabobat, nabototning sirini bilishga, undagi o‘zgarishlar inson qalbi va ruhiyatiga ta’sir etishini anglaganlar.Tabiatni alqaganlar, samoni ulug‘laganlar. «Boychechak» va shunga o‘xshash Navro‘z bilan bog‘liq ko‘pgina marosimlar asosida ana shunday tasavvurlar yotadi.
— Navro‘z bayramida, boshqa ranglarga nisbatan qizil, sariq, yashil, oq ranglar ustunlik qiladi. Ranglar falsafasi, ularning etnik, psixologik, badiiy-poetik talqinlari haqida ham gapirib o‘tsangiz?
— Ranglar inson hayotida shu qadar muhim o‘rin tutadiki, qadim miflardan tortib, to bugungi kunda ham yaratilayotgan badiiy asar namunalarining barchasida ranglar bilan bog‘liq timsoliy talqinlarni, boshqacha qilib aytadigan bo‘lsak, ranglar falsafasini ko‘ramiz.
Ranglar bilan bog‘liq tasavvurlar bizda kecha yoki bugun o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Xalqimizning ranglarga munosabatining tarixi ham juda qadimiy. Qaysidir ma’noda u Navro‘z bilan bog‘liq, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Zero, Navro‘z haqidagi qo‘shiq bo‘ladimi, urf-odat, marosim yoki xalq o‘yinlari, tomosho san’ati barchasida rangga alohida urg‘u berilgan. Go‘yoki arzimas bo‘lib tuyulgan ranglar timsolida, ajdodlarimizning tabiatga, yurtga, o‘z o‘tmishiga bo‘lgan go‘zal bir munosabatni ko‘ramiz.
Ajdodlarimiz, tabiatga inja munosabatda bo‘lgan, uni ayagan, alqagan, ulug‘lagan. Bu tushunchalar esa ularning qo‘shiqlariga, dostonlariga, o‘yinlariga, amaliy va hunarmandchilik san’atiga ko‘chib o‘tgan. Xalqimizning yashash tarzi, ya’ni oddiygina o‘tovdan tortib, gilam, yopilgan nonda, kashtachilik, gilamchilik san’atida bu tasavvurlar yanada yorqinroq namoyon bo‘ladi.
Misol uchun, oddiygina kashtachilikni olib qaraylik. Ularda quyosh ramzi bilan bog‘liq tasvirlar alohida o‘rin tutadi. Kashta va so‘zanalardagi asosiy mavzu aynan quyosh bilan bog‘liq. Chunki, hayotda, tabiat va inson munosabatida quyosh juda muhim rol o‘ynagan. So‘zanalarda fasllar almashinuvi, chiqayotgan va botayotgan quyosh tasviri an’anaviy ramzlarda muhrlanib qolgan. Shuning uchun ham Navro‘z bilan bog‘liq barcha holatlarda qizil, sariq, yashil, oq ranglar talqini ustunlik qiladi.
Ranglar bilan bog‘liq joy nomlari, ismlar, tilimizdagi qo‘shimchalar bularning bari nafaqat azaliy qadriyatimiz bo‘lgan Navro‘zning mazmun mohiyatini anglashda, balki badiiy merosimiz, folklor va yozma adabiyoti namunalaridagi ranglar falsafasini anglashimizda yaqindan yordam beradi.
— Navro‘z bu tun bilan kun teng kelgan kundir. Bobokalonlarimiz, aynan mana shu kuni samoviy jismlar harakatida ulkan burilish yasaladi, tabiatda jonlanish yuz beradi deb, uqtirib kelishgan. Zamonaviy ilm-fan bu qarashlar, bu hayotiy bilim mukammal darajadagi aniqlikka ega ekanligidan hamon hayratga tushmoqda?!
— Navro‘z bilan bog‘liq qarashlar bu ulusning qadimiy bilim, ulkan hayotiy tajribasi edi. Davrlar o‘tishi bilan bu bilim tizimga solinib, hayotlariga uyg‘un, hamohang holda ezgu qadriyat sifatida avlodlarga meros qoldirilgan. Biz Navro‘zni qancha ko‘p o‘rgansak uning tarixi shunchalar teran ekanini yanada ko‘proq anglab boraveramiz.
Navro‘z haqidagi afsonalarning birida ushbu ayyom kunida davlat qushi uchirilib, u kimning boshiga qo‘nsa o‘shani shoh etib saylaganlari haqida so‘z yuritiladi. Aslida bu davlatchilik haqidagi qarashlarning ilk kurtaklari edi. Bu yurtda, bu tuproqda Amir Temur davlati kabi ulkan saltanat o‘z-o‘zidan paydo bo‘lib qolmagan. Buning zamini juda olis zamonlarga, ajdodlarimiz o‘z qadriyatlarini ulug‘lab, uni Navro‘z deb atalgan qomusiy bir tizimga sola boshlagan davrlarga borib taqaladi. Navro‘z shunchaki bir bayram emas, bu xalqimizning jipslashishi, davlatchilik tushunchalarining shakllanish jarayoni bilan chambarchas bog‘liq ulkan qadriyatdir.
Dunyo xalqlari turli taqvimlarga amal qilishadi. Bu taqvimlarning eng qadimiysi Sharq xalqlari amal qilib kelayotgan oy, quyosh, yulduzlar harakatiga asoslangan taqvimdir. Navro‘z bilan bog‘liq qarashlarning asl mohiyatida o‘zi nima yotadi, degan savolning tug‘ilishi tabiiy. Uning ibtidosida yovuzlik ustidan ezgulikning, tun ustidan kunning, zulmat ustidan yorug‘likning tantanasini ko‘ramiz. Bu kurash navro‘z bilan bog‘liq afsona, rivoyat, qo‘shiq, maqol va aytimlarning qat-qatida turli xil obrazlarda, ramzlarda muhrlanib qolgan.
— Navro‘zning hali yana o‘rganiladigan, tadqiq etiladigan qaysi tomonlari haqida aytib o‘tishni istardingiz?
— Navro‘z degani tun bilan kunning tenglashishi, xaosning kosmosga aylanishi, ya’ni tartibsizliklarga tartib berilishi, qish davrida uyquga ketgan urug‘ning nish otishi, quloq chiqarishi, yangi davr, yangi ko‘klam, yangi ko‘tarilish va yuksalishning boshlanishi degani.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi qaroriga muvofiq «O‘zbek xalq ijodi yodgorliklari»ning ko‘p jildligini nashr etish ishlari boshlab yuborilgan. Bu ko‘p jildlik yuz jild bo‘lishiga rejalashtirilgan. Bugungi kungacha uning 10 jildini nashrdan chiqdi. Yana 25 jildi chop etilishi arafasida. Qolgan jildlar ustida izlanishlar olib borilmoqda.
Mana shu ko‘p jildliklarning ichida Navro‘z bilan bog‘liq xalq og‘zaki ijodi namunalarining alohida o‘rni bo‘ladi. Bu jilddan Navro‘z bilan bog‘liq urf-odat va marosim qo‘shiqlari, bolalar folklori, xalq o‘yinlari, afsona va rivoyatlar o‘rin oladi. Bu esa kelgusida Navro‘zni yanada kengroq o‘rganish va tadqiq etishda muhim manba bo‘lib xizmat qiladi.
Navro‘zga doir barcha materiallar yig‘ilsa, to‘plansa uni kengroq miqyosda qiyosiy o‘rganish imkoniyati yuzaga keladi. Birinchi galda Navro‘z haqidagi, adabiy, tarixiy manbalardagi ma’lumotlarni bugungi kunimizga jonli ijro jarayonida yashab kelayotgan materiallar bilan qiyosiy o‘rganish zarur bo‘ladi. Navro‘z bilan bog‘liq an’analarning asl mohiyatida quyoshga bo‘lgan topinch yotsa, qolaversa, Navro‘z bilan bog‘liq «Shox moylar», «Qozon to‘ldi» kabi marosimlar, «Oq terakmi ko‘k terak» o‘yinlari, «Sumalak», «Lola», »Gul» sayllari zamirida ana shu qadim inonch izlari yotadi. Bundan tashqari yurtimizda quyosh yo‘li bilan bog‘liq ko‘plab manzillar mavjud. Bular Langar ota, Nur ota ziyoratgohlari. Bunday ziyoratgohlar ko‘p. Bu manzillar quyosh yo‘li manzillari bilan bog‘liq ma’lumotlarni dunyoning turli nuqtalarida shunga o‘xshash yodgorliklarga qiyosan o‘rganish masalalari oldimizda turibdi.
Yana bir muhim masalalardan biri Navro‘zning xalqimiz tarixida tutgan o‘rni, ahamiyatini ochib beradigan, bu bayramning milliyligini urg‘ulab, umuminsoniyligini ulug‘laydigan Navro‘z Qomusi ustida ish olib borish. Kelgusida albatta bunday ulkan ishlar amalga oshiriladi. Bugun qilinayotgan ishlar, amallar shu ulkan ishlarga poydevor bo‘lib xizmat qiladi.