Elektr quvvatlari va o‘g‘itlar narxi oshgani sababli 2022 yilda dunyo bozorida oziq-ovqat narxlari avvalgi yil bilan taqqoslaganda 14,3 foizga qimmatlashgan, deyiladi BMTning Oziq-ovqatlar va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) tarqatgan ma’lumotda. Bu haqda «Sinxua» axborot agentligi xabar bermoqda.

FAO ma’lumotida keltirilishicha, 2022 yilda don mahsulotlari 2021 yil bilan taqqoslaganda 17,9 foizga, o‘simlik yog‘i 13,9 foiz, sut mahsulotlari 19,6 foiz, go‘sht 10,4 foiz va shakar 4,7 foizga oshgan.

2022 yil dekabr oyida FAO hisob-kitobicha, oziq-ovqat mahsulotlari narxi 1,9 foizga qisqargan. Bunday pasayish qatorasiga to‘qqiz oydan buyon kuzatilmoqda.

FAO avval ham bir necha marotaba oziq-ovqat mahsulotlari narxining oshishi global oziq-ovqat xavfsizligiga, ayniqsa, kambag‘al mamlakatlarda ko‘proq tahdid soladi, deb ogohlantirgan edi.