Yevropa Ittifoqi va NATO ikki tashkilot o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi yangi deklaratsiyani imzoladi. Bryusseldagi NATO qarorgohida hujjatlarni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar beradi Alyans matbuot xizmati.

Deklaratsiyani NATO Bosh kotibi Yens Stoltenberg, Yevropa komissiyasi va Yevropa kengashi rahbarlari Ursula fon der Lyayen va Sharl Mishel imzoladilar.

“Bu NATO va YeI hamkorligi to‘g‘risidagi uchinchi hujjatdir. Mazkur yangi deklaratsiya tomonlar o‘rtasidagi strategik rishtalarni yanada mustahkamlashga qaratilgan”, dedi Stoltenberg.

“Frans Press” agentligi “tashkilotlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada yuqori darajaga olib chiqish va “umumiy maqsadlarga erishish uchun siyosiy, iqtisodiy yoki harbiy bo‘lsin, barcha mavjud umumiy vositalarni safarbar qilish majburiyatini olgani qayd etilgani” to‘g‘risida xabar berdi.

O‘zA