BMT Bosh kotibi Antonio Guterrish “Braziliya demokratik institutlariga qilingan hujumni” qoraladi, deya xabar beradi tashkilot matbuot xizmati.

“Braziliya xalqi va mamlakat institutlarining irodasi hurmat qilinishi kerak. Ishonchim komilki, shunday bo‘ladi. Braziliya buyuk demokratik davlat”, – deb yozdi Guterrish ijtimoiy tarmoq sahifalarida

“Men qonunni hurmat qilish kerak deb hisoblayman. Qonunga rioya qilinmasa, qonunni buzganlar unga muvofiq javobgarlikka tortilishi kerak. Braziliya va ko‘plab demokratik davlatlar qonun ustuvorligi bilan boshqariladi. Muhimi, qonun ustuvorligi ishlaydi, demokratiya rivojlanadi”, – deya qo‘shimcha qildi u.

BMT Inson huquqlari oliy komissari Folker Tyurk ham bu “Braziliya demokratiyasi poydevoriga qilingan hujumni” qoraladi.

“Saylovdagi firibgarlik haqidagi asossiz ayblovlar siyosiy hayotda ishtirok etish huquqini buzadi. Dezinformatsiya va manipulyatsiyani to‘xtatish kerak”, deya qo‘shimcha qildi u. Braziliyadagi barcha siyosiy rahbarlarni “demokratik institutlarga ishonchni tiklash uchun” birgalikda ishlashga chaqirdi.

Tyurk, shuningdek, kamida sakkiz jurnalistga hujum qilinganini qayd etdi.

“Ushbu hujumlar siyosiy zo‘ravonlikning yuqori darajasida jurnalistlarga nisbatan jismoniy tajovuzning kuchayayotganini tasdiqlaydi. Hukumatni yakshanba kungi zo‘ravonlik holatlari yuzasidan tezkor, xolis, samarali va shaffof tergov o‘tkazishga va aybdorlarni javobgarlikka tortishga chaqiraman”, — dedi u.

Braziliyaning Birlashgan Millatlar Tashkilotidagi doimiy vakili Nyu-Yorkdagi shtab-kvartirasida jurnalistlarga “hukumat Braziliyada hukumatning ijro etuvchi, qonun chiqaruvchi va sud tarmoqlariga nisbatan sodir etilgan zo‘ravonlikni eng keskin tarzda qoralaydi”, dedi.

 

O‘zA