Otashkesga munosabatlar…
Yaponiya “G7”ga raisligi davrida xalqaro hamjamiyat bilan hamkorlikda Rossiyaga qarshi sanksiya va Ukrainani qo‘llab-quvvatlashni davom ettiradi. Bu haqda Yaponiya Vazirlar Mahkamasining Bosh kotibi Xirokadzu Matsuno ma’lum qildi.
4 yanvar kuni Ukraina prezidenti ma’muriyatining rahbari Andrey Yermak Yaponiyaning Kiyevdagi elchisiga Zelenskiyning Bosh vazir Fumio Kisidaning Ukrainaga tashrif buyurish taklifnomasini topshirdi.
BMT Bosh kotibi Antoniu Guterresh doim har qanday sulhni qo‘llashga tayyor, dedi uning matbuot kotibi Stefan Dyujjarik, Rossiyaning Rojdestvo bayrami munosabati bilan otashkesin joriy etish haqidagi qarorini izohlar ekan.
“Biz xalqaro huquq va BMT Nizomiga muvofiq ziddiyatning tezroq to‘xtatilishi tarafdorimiz, tomonlarga bu maqsadga erishishi uchun barcha yordamni berishga tayyormiz”, deb qo‘shimcha qildi u.
AQSH Prezidenti Jo Bayden Moskva qarorini “kislorodni topishga urinish”, deb baholadi. “Men Putinning har gapiga munosabat bildirishni istamayman”, deb qo‘shimcha qildi Amerika yetakchisi.
Davlat departamenti matbuot xizmati rahbari Ned Prays “AQSH Rossiyaning otashkes qaroriga ko‘p ham ishonchli emas”, dedi.
Qo‘shma Shtatlar “Rossiya o‘z qo‘shinlarini qayta to‘plash va dam olish uchun harbiy harakatlarga “har qanday tin”dan foydalanishi mumkin, deb taxmin qiladi”, deb qo‘shimcha qildi Prays.
Qo‘shma Shtatlar MAGATE tomonidan ishlab chiqilgan Zaporoje AES atrofida xavfsizlik zonasini tashkil etishni qo‘llab-quvvatlaydi, dedi Ned Prays.
Shuningdek, u AQSH Rossiyadan Zaporoje AES nazoratini Ukrainaga berish talab qilinganini aytib o‘tdi.
Kremlning Rojdestvo oldidan qilgan qarori Ukrainaga hech qanday tinchlik olib kelmaydi. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Jeyms Kleverli ma’lum qildi.
“Rossiya batamom Ukrainadan o‘z kuchlarini olib chiqib ketishi kerak”, deb yozdi vazir ijtimoiy tarmoqlaridagi o‘z sahifasida.
“Anqara Ukraina ziddiyatida vositachi bo‘lishga tayyor”, deb bayonot berdi Turkiya Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘an Zelenskiy bilan o‘tgan telefon muloqotidan keyin.
Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, Erdog‘an Ukraina va Rossiya o‘rtasida asirlarni almashish davom etayotganini aytgan.
“Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyaxu Moskva va Kiyev o‘rtasida samarali vositachilik qila olardi”, deb bayonot berdi Ukraina prezidenti ma’muriyatining maslahatchisi Mixail Podolyak Isroilning “I24news” telekanaliga bergan intervyusida.
Qo‘shma Shtatlar Mudofaa vazirligining matbuot xizmati rahbari Patrik Rayderning xabar berishicha, o‘tgan o‘n oy davomida G‘arb mamlakatlari taxminan 12 ming ukrainalik harbiylarni qayta o‘qitib berdi.
Abror XON, O‘zA