Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahri 2024 yil Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti deya e’lon qilindi. Bu haqda Turizm va madaniy meros vazirligi axborot xizmati O‘zbekiston raisligida onlayn formatda o‘tgan IHT Turizm vazirlarining IV yig‘ilishi yakuniga ko‘ra ma’lum qildi.

Bunda Shahrisabz shahrining boy tarixi va madaniy merosi, Ipak yo‘lida turizmning rivojlanishidagi o‘rni va sohani barqaror rivojlantirish salohiyati inobatga olindi. Ma’lumot uchun, Shahrisabz 2000 yillik tarixga ega bo‘lib, UNESCOning Butunjahon merosi reprezentativ ro‘yxatiga kiritilgan.

O‘z navbatida Shahrisabzning ushbu maqomni olishini keng miqyosda nishonlash ko‘zda tutilgan. Qolaversa, shaharda va  butun Qashqadaryo viloyatida turizm infratuzilmasini yaxshilash, ekoturizm, etnoturizm va boshqa yo‘nalishlarda salohiyatni yuksaltirish, hududning nomoddiy merosini keng ochib beruvchi madaniy tadbirlar, turizm tadbirkorligi, shu jumladan, yoshlarning faolligini oshirish bo‘yicha alohida dastur amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

O‘zA