Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tayyorlangan «Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi» bo‘yicha amaliy qo‘llanma taqdimotiga bag‘ishlangan davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Unda senatorlar, deputatlar, Oliy Majlisning Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo guruhi, institut ilmiy xodimlari, Yoshlar parlamentlari a’zolari ishtirok etdi.

Tadbirni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Ravshanbek Alimov va Qonunchilik palatasining Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Qodir Jo‘rayev kirish so‘zi bilan ochib, O‘zbekistonda parlamentlararo hamkorlikni chuqurlashtirish va mustahkamlashga yuqori darajada ahamiyat qaratilayotgani, jumladan, O‘zbekiston va Koreya o‘rtasida ham parlamentlararo muloqotlar juda faollashganini ta’kidladilar.

Tadbir davomida Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan tayyorlangan «Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi» to‘plami taqdimoti o‘tkazildi.

“Mazkur to‘plamdan Koreya Respublikasi Milliy Assambleyasi va uning organlari, shu jumladan, Kotibiyati, Byudjet boshqarmasi, kutubxona va Tadqiqot xizmati kabi tuzilmalar, ularning asosiy funksiyalari va o‘tgan davr mobaynidagi faoliyati, erishgan ijobiy natijalari, shuningdek, qonun ijodkorligi faoliyati va Milliy Assambleya faoliyatiga doir boshqa masalalar o‘rin olgan, — dedi institut direktori, yuridik fanlar doktori, professor Foziljon Otaxonov taqdimotga bag‘ishlangan ma’ruzasida. — To‘plam ikki davlat milliy qonunchiligini rivojlantirish va yaqinlashtirish uchun o‘ziga xos amaliy qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi. Qo‘llanma deputatlar, senatorlar, parlament palatalari va mahalliy Kengashlar xodimlari, tadqiqotchilar, oliy o‘quv yurtlari professor-o‘qituvchilari va talabalari hamda keng jamoatchilik uchun mo‘ljallangan”.

Yig‘ilish ishtirokchilari va ekspertlar institut tomonidan ishlab chiqilgan mazkur to‘plam borasida fikr-mulohazalarini bildirdilar.

 

M.Komilova, O‘zA