Bugun, 15 dekabr kuni Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlarida umumiy quvvati 500 MVt bo‘lgan 3 ta quyosh fotoelektr stansiyasini qurish va ulardan foydalanish bo‘yicha o‘tkazilgan tender tanlovlarida g‘olib investorlar aniqlandi.

Bu haqida Energetika vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Tanlov natijalariga ko‘ra, «Masdar» kompaniyasi Buxoro viloyatida 250 MVt quvvatga ega loyihani qurish va unda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining bir kilovatt-soati uchun 3,044 AQSH senti miqdorida taklifi bilan g‘olib bo‘ldi.

Ahamiyatlisi, mazkur loyiha O‘zbekistonda birinchi marta quvvati 62 MVtlik energiya saqlash batareyasi bilan amalga oshiriladi.

«Alorko» kompaniyasi Namangan viloyatida 150 MVt quvvatga ega loyiha uchun ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 4.828 AQSH sentida yetkazib berish taklifi bilan g‘olib, deb topildi.

«Voltalia» kompaniyasi Xorazm viloyatida 100 MVt quvvatga ega loyiha uchun ishlab chiqarilgan bir kilovatt-soat elektr energiyasini 2.888 AQSH sentida yetkazib berish taklifi bilan tender g‘olibi bo‘ldi.

O‘zA