O‘zbekiston Afg‘oniston muammosini hal qilishda o‘zining prinsipial pozitsiyasiga ega

XALQARO SHARH


Mamlakatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan Afg‘oniston bilan hamkorlikda joriy yilning 26-27-mart kunlari Toshkent shahrida «Tinchlik jarayoni, xavfsizlik sohasida hamkorlik va mintaqaviy sheriklik» mavzuida Afg‘oniston bo‘yicha yuqori darajadagi Toshkent xalqaro konferensiyasini o‘tkazish tashabbusining ilgari surilishi O‘zbekiston rahbariyatining mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha umumiy strategiyasining ajralmas bo‘lagi hisoblanadi. Konferensiyaning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Afg‘oniston Islom Respublikasi Prezidenti Ashraf G‘ani so‘zga chiqadilar.

rasmiy_9196.jpg

O‘tgan asrning 70 yillarida afg‘onistonlik yozuvchi Sohib Jamolning “Guli siyoh” deb nomlangan romanini o‘qigan edim. Asarda ko‘zi ojiz Amal ismli qizning Nodir ismli yigit bilan bo‘lgan muhabbati haqida hikoya qilinadi. Esimda qolgani shuki, Amalning ko‘zini o‘zbekistonlik shifokor ayol operatsiya qiladi. Chunki 70-yillarda o‘zbekistonlik mutaxassislar Afg‘onistonda xizmat safarida bo‘lishar, qo‘shni va do‘st mamlakatning iqtisodiyotini ko‘tarish, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolni yaxshilashga sidqidildan yordam berishar edi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi munosabatlar uzoq tarixga ega bo‘lib, milliy urf-odatlarimiz hamda an’analarimiz o‘xshash. Afg‘on va o‘zbek xalqlarini bir necha ming yillik tarix bog‘lab turadi. Mintaqada tashkil topgan Parfiya, Baqtriya, Kushon, Eftalitlar kabi buyuk davlatlar har ikki xalqqa birdek taaluqlidir. Xalqlarimiz birgalikda buyuk madaniyat yaratishgan. X asrda buyuk ajdodlarimiz tuzgan G‘aznaviylar davlatining gullab yashnashiga mintaqadagi boshqa xalqlar kabi o‘zbeklar ham, afg‘onlar ham katta hissa qo‘shishgan. Buyuk Amir Temurning o‘g‘li Shohruh aynan Afg‘oniston hududlarida hukmronlik qilgan. Yevrosiyo markazidagi strategik holati sabab Afg‘oniston hamisha buyuk davlatlarning kurash maydoni bo‘lib kelgan. Bu jihat 18 asrdan boshlab yaqqol ko‘zga tashlana boshlandi. Afg‘oniston ustidan nazorat o‘rnatish maqsadida Buyuk Britaniya uch marta urush olib borgan. 1919-yilning 19-avgustida Afg‘oniston Buyuk Britaniyadan ozod bo‘ldi. 1973-yil 17-iyul kuni Afg‘onistonda davlat to‘ntarishi yuz berib, monarxiyaga barham berildi va respublika deya e’lon qilindi. Mana shu davrdan boshlab Afg‘oniston tarixida siyosiy beqarorliklar boshlandi. Prezident Muhammad Dovud islohotlar o‘tkazish orqali mamlakatni modernizatsiya qilishga urindi, biroq buning uddasidan chiqa olmadi. Bundan roppa rosa 40 yil muqaddam — 1978-yilning aprel oyida Afg‘onistonda inqilob boshlandi. Prezident Muhammad Dovud oila a’zolari bilan qatl etiladi, hokimiyatga Afg‘oniston Xalq demokratik partiyasi keladi.

1978-yilning aprelida yuz bergan Savr inqilobidan so‘ng Afg‘oniston Demokratik respublikasi e’lon qilinib, uning rahbari etib Nur Muhammad Taraki, Inqilobiy Kengash raisi etib esa Hafizulla Amin saylanadi. Hukumat radikal islohotlar o‘tkaza boshlaydi, bu o‘z navbatida, ananaviy turmush tarzini kechirishga odatlangan jamiyatda noroziliklar to‘lqinini keltirib chiqaradi. Shu tariqa mamlakatda fuqorolar urushi boshlanib ketadi. Hukmron Xalq Demokratik partiyasi 1967-yildayoq ikkita — Xalq va Parcham fraksiyalariga bo‘lingan edi. Xalq fraksiyasining rahbari Nur Muhammad Taraki maxfiy tarzda o‘z tarafdorlari tomonidan o‘ldiriladi. Davlat rahbarligiga Hafizulla Amin keladi. U Moskva tomonidan istalgan vaqtda G‘arb tomon og‘ib ketuvchi rahbar sifatida ko‘rilar edi, shu sababli undan voz kechishga qaror qilindi. Shu tariqa Afg‘onistonga “sho‘roviy”lar harbiylari kiritildi. Natijada “sho‘roviy”lar fuqorolar urushiga bevosita aralashdi, to‘g‘ri keyinchalik (1989-yilda) chiqib ketgan bo‘lishiga qaramay, Afg‘onistonda mana 40 yil bo‘layaptiki, fuqorolar urushi davom etmoqda. “Sho‘roviy”larga qarshi kurashayotgan afg‘on mujohidlarini g‘arb mamlakatlari har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdi. 1989-yildan keyin ham fuqorolar urushi to‘xtamadi, balki kuchga to‘ldi. Mamlakat shimolida dala qo‘mondonlaridan tashkil topgan guruh paydo bo‘ldi. Shimoliy alyans 1992 yilning aprelida poytaxt Qobulga kirdi va Afg‘oniston Demokratik Respublikasi tugatildi. Poytaxtda Ahmad Shoh Ma’sud va Gulbiddin Hikmatyor o‘rtasida hokimiyat uchun kurash ketar ekan, mamlakat janubida asosan pushtunlardan iborat, ammo o‘zlarini butun afg‘on xalqini himoyachisi deya e’lon qilgan “Tolibon” harakati kuchga to‘la boshladi. Ularning maqsadi Afg‘onistonda Islom davlatini qurish edi. 1996-yilda Toliblar mamlakatning katta qismini o‘z nazoratlariga olishga muvaffaq bo‘lishdi. Ular sentabrda Qobulni egallashdi, prezident Muhammad Najibullani qatl etishdi, Shimoliy alyans esa shimoliy viloyatlarga chekinishga majbur bo‘ldi. Toliblar hukmonligi davrida Afg‘onistonning qadimiy yodgorliklari yo‘q qilindi, xotin-qizlarning ta’lim olishlari taqiqlandi.

2001-yilning 11-sentabr hodisalaridan so‘ng xalqaro terrorchi Usama ben Ladenga Afg‘oniston toliblari boshpana berdi. Bu o‘z navbatida, AQShning Afg‘onistonga qo‘shin kiritishiga bahona bo‘ldi. Buning natijasi o‘laroq 2002-yil boshlarida toliblar rejimi quladi, biroq “Tolibon” harakati butunlay yo‘q qilinmadi. Harakatning asosiy kuchlari Vaziriston tog‘lariga chiqib ketishdi, qolgan qismi esa Afg‘oniston va Pokiston hududlarida partizanlik urushini davom ettirdi.

Toliblar rejimi qulagandan so‘ng zamonaviy Afg‘oniston Islom Respublikasi tuzildi. 2001-yil dekabrida Bonn konferensiyasida afg‘on siyosiy namoyandalari tomonidan Hamid Karzay Afg‘oniston O‘tish ma’muriyati rahbari etib saylandi. 2002-yilning iyunida Loyya-jirg‘a (mamlakatdagi barcha guruh, elat, qabila vakillari kirgan Oliy Kengash) uni Afg‘onistoning Muvaqqat prezidenti etib sayladi. 2004-yilda yangi Konstitutsiya qabul qilindi va ilk bor prezidentlik saylovlari bo‘lib o‘tdi, saylovda Hamid Karzay g‘alaba qozondi. 2009-yil 20-avgustda bo‘lib o‘tgan navbatdagi saylovida Hamid Karzay ikkinchi muddatga prezident etib saylandi. 2014-yilgi saylovda Ashraf G‘ani Afg‘oniston prezidenti lavozimini qo‘lga kiritdi. Shunga qaramay, mamlakatda hamon fuqorolar urushi davom etmoqda.

Afg‘oniston prezidenti «Tolibon» radikal harakati bilan tinchlik muzokaralari tarafdori, shuningdek, uni siyosiy guruh sifatida tan olishga tayyor. Mamlakat prezidenti Ashraf G‘ani 28 fevral kuni Kobulda «Kobul jarayoni» ikkinchi xalqaro konferensiyasining ochilishida mazkur bayonot bilan chiqish qildi.

Xabarlarga qaraganda, afg‘on toliblari Afg‘oniston prezidenti Ashraf G‘anining “Tolibon”ni siyosiy tashkilot deya tan olish va tinchlik borasidagi taklifini sovuqonlik bilan kutib olishdi. Ma’lumki, 20 dan ortiq mamlakat vakillari tinchlikni qo‘llab-quvvatilashga qaratilgan mazkur rejani qo‘llab-quvvatlashlarini bildirishgan edi. Prezident G‘ani qamoqdagi toliblarni ozod qilish, sanksiyalarni bekor qilish va “Tolibon”ni siyosiy tashkilot sifatida tan olish kerakligi borasida taklif bilan chiqdi. Bir kunlik konferensiya yakunida uning ishtirokchilari qo‘shma bayonot qabul qildilar va toliblarni “zo‘ravonliklarga tezlik bilan chek qo‘yib”, Afg‘oniston boshchiligidagi tinchlik sa’y-harakatlariga qo‘shilishga, o‘z maqsadlariga yetishish yo‘lida Qobul xukumati bilan muzokoralar o‘tkazishga chaqirishdi. «Tinchlik shartnomasi barcha ishtirokchilar uchun g‘alaba bo‘ladi va biror bir tomoning mag‘lubiyatini anglatmaydi», deyiladi bayonotda. BMTning Afg‘onistondagi Missiyasi G‘anining taklifini qo‘llab-quvvatladi va “afg‘onlararo muloqot orqali tinchlikka erishish g‘oyasini qo‘llab-quvvatlashi” borasida bayonot berdi.

O‘zbekiston Afg‘oniston muammosini hal qilishda o‘zining maqsad va prinsipial pozitsiyasiga sodiq qolmoqda. O‘zbekiston Afg‘onistondagi vaziyatni barqarorlashtirishga ko‘mak berishda tinchliksevar loyihalarni amalga oshirish, qo‘shni davlatning uzoq muddatli urushdan vayron bo‘lgan iqtisodiyotini tiklashda ishtirok etish orqali o‘z qat’iyatini namoyish qilib kelayapti. O‘zbekiston Prezidenti mintaqaviy hamda xalqaro xavfsizlikni ta’minlashda Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlik o‘rnatishning strategik ahamiyatini inobatga olib, eng yuqori martabali minbarlardan turib, jahon afkor ommasining e’tiborini afg‘on mojarosini hal qilish zaruratiga qaratayotir. Xususan, Shavkat Mirziyoyev 2017 yilning sentabr oyida BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida, MDH Davlat rahbarlari kengashi majlisida hamda 2017-yilning noyabr oyida Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzuidagi xalqaro konferensiyada so‘zlagan nutqida ta’kidlaganidek, “Afg‘onistonda tinchlikka erishishning yagona yo‘li — markaziy hukumat va mamlakat ichidagi asosiy siyosiy kuchlar o‘rtasida oldindan hech qanday shart qo‘ymasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot olib borishdir. Afg‘oniston masalasi global miqyosdagi masalalar markazida bo‘lishi lozim. Xalqaro hamjamiyatning sa’y-harakatlari, birinchi navbatda, Afg‘onistondagi o‘tkir ijtimoiy-iqtisodiy muammolarni hal qilishga qaratilishi kerak”.

O‘tgan yili ikki mamlakat rahbarlari Shavkat Mirziyoyev hamda Ashraf G‘ani Shanxay hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti sammitlari, shuningdek, BMT Bosh Assambleyasi doirasida 5 marta uchrashdi. 2017-yilning 4 — 6 dekabr kunlari Afg‘oniston Prezidentining mamlakatimizga tashrifi ikki davlat munosabatlarida yangi sahifa ochdi, tashrif davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarga oid 20 hujjat imzolandi. 2017-yil yakunlari bo‘yicha O‘zbekiston hamda Afg‘oniston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 39,6 foiz oshib, 599 million AQSh dollarini tashkil qildi.

19-yanvar kuni Nyu-Yorkda bo‘lib o‘tgan BMT Xavfsizlik Kengashining Markaziy Osiyo va Afg‘oniston masalalariga bag‘ishlangan muhokamalarida O‘zbekiston tomoni joriy yil mart oyining oxirida Toshkentda “Afg‘oniston — tinch kelajak sari yo‘l” mavzuida xalqaro vazirlar konferensiyasi o‘tkazilishini ma’lum qildi. Xalqaro anjuman Afg‘onistondagi tinchlik muzokaralarining asosiy tamoyillarini muvofiqlashtirish, Afg‘oniston hukumati hamda qurolli muxolifat o‘rtasida muzokaralar olib borish mexanizmini ishlab chiqish, muzokaralar jarayonini qo‘llab-quvvatlash uchun xalqaro qo‘shma tadbirlarni muvofiqlashtirishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ygan. Toshkent konferensiyasining samaradorligi va natijadorligini ta’minlash maqsadida BMT Bosh kotibi Antoniu Guterrish, BMT Bosh kotibining Afg‘onistondagi maxsus vakili Tadamichi Yamamoto, Yevropa ittifoqining Tashqi ishlar va xavfsizlik masalalari bo‘yicha Oliy vakili Federika Mogerini, shuningdek, Rossiya, Xitoy, AQSh, Hindiston, Eron, Pokiston, Turkiya, Saudiya Arabistoni hamda Markaziy Osiyo mamlakatlarining tashqi ishlar idoralari rahbarlari qatnashishi kutilmoqda.

BMT Xavfsizlik Kengashining Afg‘onistonda vaziyatni bartaraf etishga bag‘ishlangan uchrashuvi ishtirokchilarining so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi 20 yillik tajribaga tayanilsa, Afg‘oniston Islom Respublikasidagi mavjud muammolarni kuch bilan hal qilishga urinishlar samarasizligini ko‘rsatgan. Afg‘onistondagi tinchlik hamda xavfsizlikning asosiy masalalari, shuningdek, markaziy hukumat va qurolli muxolifat kuchlari o‘rtasida bevosita muloqot orqali o‘zaro kelishuvga erishish bo‘yicha keng miqyosli xalqaro konsensusga erishish har qachongidan ham ko‘proq zaruratdir. Toshkentda bo‘lib o‘tishi kutilayotgan konferensiya borasidagi tashabbus Afg‘onistondagi vaziyatni hal etish jarayoniga jalb qilingan ko‘plab davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Amerika Qo‘shma Shtatlari Prezidentidan joriy yil 26-27 mart kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiyaga oid maktub keldi. AQSh Prezidenti O‘zbekiston Prezidentining Toshkentda bo‘lib o‘tadigan Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ta’rifi bayon etilgan maktubini olganidan mamnun bo‘lganini qayd etdi. Maktubda AQShning Janubiy Osiyodagi strategiyasi mintaqa mamlakatlarini Afg‘onistondagi nizoni tartibga solish va vaziyatni barqarorlashtirish uchun birdek mas’uliyat his qilishga undashi ta’kidlangan. Donald Tramp O‘zbekiston Prezidentining mintaqaviy yondashuvga doir tashabbusini qo‘llab-quvvatlashi, bu esa o‘z navbatida, vaziyatni tinch muzokaralar yo‘li bilan hal qilish uchun sharoit yaratishi, iqtisodiyot, jumladan, Afg‘oniston bilan savdo aloqalarini rivojlantirishini qayd etdi.

Bugun Afg‘onistonda tinchlik o‘rnatilishi Yevrosiyo mintaqasining barcha mamlakatiga katta naf keltirishi hech kimga sir emas. Shu o‘rinda 1999-yil 19-20-iyulida nizolashayotgan tomonlar vakillari, xususan, “Tolibon” hamda Afg‘onistonning qo‘shni mamlakatlari tashqi ishlar vazirlari o‘rinbosarlari, Rossiya va Amerika Qo‘shma Shtatlari ishtirokida Toshkentda O‘zbekiston tashabbusi bilan “6+2” muloqot guruhi yig‘ilishi bo‘lib o‘tganligini eslatib o‘tamiz. Muzokaralar yakunida Afg‘onistondagi mojarolarni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan Toshkent deklaratsiyasi qabul qilindi. Afsuski, 2011-yil 11-sentabrda AQShda sodir etilgan terroristik harakatdan so‘ng NATO harbiy kuchlari Afg‘onistonga kiritilib, Hamid Karzay boshchiligidagi yangi hukumat tashkil etilgach, “6+2” guruhi faoliyati to‘xtab qolgan edi. Afg‘on muammosini harbiy kuch bilan hal qilish yo‘li yo‘qligiga urushda qatnashayotgan tomonlar tobora ko‘proq iqror bo‘lishmoqda. Mintaqadagi urushni tezroq tugatish, Afg‘onistonda tinchilik o‘rnatish bugun butun dunyo bong urmoqda. Vaziyat shu darajaga yetdiki, bir paytlar bu mojaroni siyosiy yo‘l bilan hal etishga mutlaqo qarshi chiqqanlar ham endi fikrini o‘zgartirmoqda.

Markaziy Osiyoning dardli, og‘riqli nuqtasi bu — Afg‘onistondir. Afg‘oniston nainki mintaqamiz, balki dunyoning eng tashvishli, chigal va qarama-qarshilikka to‘la muammosidir.

Ayni damda bu yerda Afg‘onistonda xavfsizlikni ta’minlash xalqaro kuchlari (ISAF) faoliyat yuritadi. Davlat byudjeti 3,3 milliard dollarni tashkil qiladigan Afg‘oniston juda ham qashshoq bo‘lib, tashqi yordamga muhtoj. AQSh va NATO qo‘shinlari Afg‘onistonga kirganidan so‘ng giyohvand moddalar yetishtirish bir necha barobar oshib ketdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, Afg‘onistonda jahon bozoriga yetkaziladigan opiumning 90 foizi yetishtiriladi.

Afg‘oniston ko‘p millatli davlat bo‘lib, 34,1 mln aholiga ega. Savodxonlik erkaklar orasida 43%ni, ayollar orasida esa 12 %ni tashkil qiladi. The AsiaFoundation[en] tomonidan 2012-yilda o‘tkazilgan sotsiologik tadqiqotlarga ko‘ra, pushtunlar 40%, tojiklar — 33 %, xazariylar — 11 %, o‘zbeklar — 9 %ni tashkil qiladi.

O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida diplomatik aloqalar 1992-yil 13-oktabrda o‘rnatilgan. Ikki tomonlama hamkorlik 2016-yilga kelib, izchil rivojlana boshladi. 2017-yil yanvarda Toshkentda ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasidagi siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi davrasi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha maxsus vakili tayinlangani mamlakatimizning ikki tomonlama munosabatlarga ajratayotgan e’tibori namunasi bo‘ldi.

O‘zbekiston yon qo‘shnimiz bo‘lmish afg‘on diyorida hamisha tinchlik va osoyishtalik hukm surishini istab kelgan, bu o‘lka xalqiga doimo yordam qo‘lini cho‘zgan. O‘zbekistonlik quruvchi va mutaxassislar tomonidan “Termiz — Hayraton — Mozori Sharif” temir yo‘li qurilib, foydalanishga topshirilganini alohida ta’kidlab o‘tish kerak. O‘zbekiston mutaxassislari tomonidan “Mozori Sharif – Hirot” temir yo‘li va “Surxon – Puli Xumri” elektr uzatish liniyasi qurish bo‘yicha yirik loyihalarni amalga oshirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Mazkur loyihalarning amalga oshirilishi Afg‘oniston iqtisodiyoti rivojlanishiga xizmat qiladi.

Termiz shahridagi ixtisoslashgan shifoxonada Afg‘oniston fuqarolariga tibbiy xizmat ko‘rsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi. Afg‘onistonliklar uchun o‘zbek tilini o‘rgatish, temir yo‘l hamda boshqa sohalar mutaxassislarini tayyorlash maqsadida Surxondaryo viloyatida maxsus ta’lim markazi tashkil etilgan. Joriy yilning 21 yanvar kuni 100 nafarga yaqin afg‘onistonlik yoshlar Termiz xalqaro aeroportida kutib olindi. Ular O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tashkil etilgan Afg‘on fuqarolarini o‘qitishga mo‘ljallangan o‘quv markazida tahsil olish uchun tashrif buyurishdi. Afg‘onistonlik yoshlar mazkur markazda ikki yil davomida o‘zbek tili va adabiyoti yo‘nalishida pedagogik tahsil olishadi. Shundan so‘ng o‘z yurtlariga qaytib, sohalari bo‘yicha afg‘on o‘quvchilariga dars berishadi. Markazda dastlabki bosqichda o‘zbek tili va adabiyoti bakalavriat ta’lim yo‘nalishida 97 nafar talaba, shu jumladan, 86 nafar o‘g‘il bola va 11 nafar qiz bolani o‘qitish nazarda tutilgan.

O‘tgan yili dekabrida Toshkentda Shavkat Mirziyoyev va Ashraf G‘ani ishtirokida bo‘lib o‘tgan muzokoralarda Afg‘oniston Prezidenti o‘zbek tilida lutf qildi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev buni olqishlab, bu xalqlarimiz tarixi, tili, madaniyati yaqinligining dalolati ekanini ta’kidladi. Uchrashuvda umumiy madaniy-ma’naviy merosimiz ramzi bo‘lgan Abu Rayhon Beruniy, Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur va boshqa allomalarimiz qadamjolarini birgalikda qayta tiklash, ta’mirlash va obodonlashtirish bo‘yicha ham kelishib olindi. 2018-yil Afg‘onistonda Abu Rayhon Beruniy ilmiy merosini o‘rganish bo‘yicha xalqaro konferensiya, Toshkentda olima ayollarga bag‘ishlangan xalqaro simpozium o‘tkazilishi ma’lum qilindi.
O‘zbekiston Afg‘oniston uchun zarur mutaxassislarni mamlakatimiz oliy o‘quv yurtlarida o‘qitishga tayyorligini bildirdi.

yrk_2086.jpg

Tadbirda samimiy do‘stlik munosabatlarining ifodasi sifatida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan 25 dona “Isuzu” rusumli avtobus va “New Holland” markali 3 ta traktor O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan birodar Afg‘onistonga hadya etilgani e’lon qilindi. Shu yilning 10-yanvar kuni Afg‘oniston Islom Respublikasining Hayraton shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti nomidan 25 avtobus, 3 traktor va tirkama texnika Afg‘oniston xalqiga hadya qilinishiga bag‘ishlangan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston rasmiy delegatsiyasi a’zolari, Afg‘oniston Prezidenti ma’muriyati va hukumati, ushbu mamlakat jamoatchiligi va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirok etdi.

yrk_2139.jpg

O‘zbek va afg‘on xalqlarini yaqin qo‘shnichilik va azaliy do‘stlik rishtalari o‘zaro bog‘lab turadi. Afg‘onistonda tinchlik va osoyishtalikni o‘rnatish, o‘zaro manfaatli sheriklikni mustahkamlash, savdo, iqtisodiy, transport, madaniy va boshqa sohalarda hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha O‘zbekiston tomonidan keng ko‘lamli sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.

 
Sharofiddin To‘laganov,
xalqaro sharhlovchi