Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-mart kuni Ostona shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
Ostona shahridagi Oqo‘rda qarorgohida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev kutib oldi.
Dastlab ikki davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zaro hamkorlikni izchil rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari va tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.
Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnilik va hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.
– Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar jadal ravnaq topayapti. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 2 milliard AQSh dollariga yetgani munosabatlarning qanday yuksak sur’atda rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Mazkur ko‘rsatkichni 5 milliard AQSh dollariga yetkazish yo‘lidagi harakatlarimiz ham yaqin vaqtlarda o‘z samarasini beradi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.
Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘istonga tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o‘rtasidagi muloqotlarning mantiqiy davomi, tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.
– Sizning tashabbusingiz bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi mintaqa mamlakatlarining barcha sohalardagi hamkorligida muhim o‘rin tutadi. O‘tgan ikki yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida erishilgan kelishuvlar tarixiy ahamiyat kasb etadi. Biz bir daryodan suv ichadigan qo‘shnilarmiz. Shunday ekan, davlatlarimiz o‘rtasida hal etilmagan masala bo‘lmasligi kerak, – dedi Qozog‘iston rahbari. – Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, O‘zbekistonda olib borayotgan oqilona siyosatingiz bugun butun mintaqaga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
So‘nggi ikki yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari faollashdi. Ikki davlat rahbarlari shu davr ichida olti bora turli darajadagi tashriflarni amalga oshirdi. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, turli voqealar munosabati bilan telefon orqali muloqotlar va murojaatnomalar almashuvi tashkil etildi.
2017 yilning mart oyida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya hamda turli darajadagi 212 ta hujjat o‘zaro aloqalarning shartnomaviy-huquqiy zaminini sezilarli darajada mustahkamladi.
Bu o‘zaro savdo hajmi va turining izchil ortishida, energetika va mashinasozlik tarmoqlarida muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlanganida, avtomobil, temir yo‘l va havo transporti sohasidagi hamkorlik kengayganida kuzatilmoqda.
Ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotir. Transport qatnovi sohasida amaliy hamkorlik sezilarli darajada kengayib, mintaqalar o‘rtasida sheriklik mustahkamlanmoqda, O‘zbekiston va Qozog‘istonda madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilmoqda.
O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish masalalari hamda tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashdi.
Shundan so‘ng Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi boshlandi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari 2017 yilning 10 noyabr kuni BMT shafeligida Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada mazkur uchrashuvni o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi. O‘shanda bu tashabbusni mintaqadagi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlagan va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev birinchi uchrashuvni Ostonada o‘tkazishni taklif qilgandi.
Oliy darajadagi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Majlisi raisi Akja Nurberdiyeva ishtirok etdi.
Uchrashuvni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ochdi.
Sammitda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, terrorizm, diniy ekstremizm, narkotik moddalar va qurol-yarog‘ kontrabandasiga qarshi birgalikda kurashish, Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.
Ta’kidlandiki, Markaziy Osiyo nafaqat geografik va geosiyosiy, balki qadriyatlari mushtarak yagona madaniy makondir. Shu nuqtai nazardan mamlakatlarimiz o‘rtasida mintaqalararo hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratish zarur. Bu Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ta’minlagan holda, mamlakatlarimiz hududlarining sanoat, investitsiya va intellektual sohalardagi salohiyatini to‘la ishga solish imkonini beradi.
Davlat rahbarlari MDH, ShHT, Islom hamkorlik tashkiloti va boshqa nufuzli xalqaro tuzilmalar mexanizmlari doirasida o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash zarurligini qayd etdi. Uchrashuvda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlarini ko‘p ming yillik qardoshlik va yaxshi qo‘shnilik rishtalari bog‘lab turadi. Tarix, din, umumiy madaniyat va an’analar birlashtiradi. Mintaqamizda dunyo tamadduni rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan noyob madaniyat va taraqqiyot mavjud bo‘lib, bu Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy kelajagi, barqaror rivojlanishi va farovonligini ta’minlashda mustahkam poydevor bo‘la oladi.
Keyingi yillarda mintaqa davlatlari yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida o‘z salohiyatini namoyon etmoqda. Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirish yo‘lida sobitqadam bo‘lmoqda. Davlatlar umummintaqa manfaatlaridan kelib chiqib chegara, suvdan foydalanish, transport va savdo singari o‘tkir masalalarga samarali yechim topmoqda.
Jumladan, bir necha yillardan buyon muammoli masala sifatida qarab kelingan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi hududi haqida shartnoma imzolandi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z chegaralarining 85 foizi yuzasidan kelishuvga erishdi. Transport sohasidagi hamkorlik borgan sari kengaymoqda. Tojikiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia, temir yo‘l va avtomobil qatnovi tiklandi. Amudaryodan o‘tadigan Turkmanobod – Forob yangi temir va avtomobil yo‘llari ko‘priklari ishga tushirildi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan mintaqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari hamda yetakchi korxonalari vakillari ishtirokida ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu iqtisodiy aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish imkonini berdi. O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan tovar aylanmasi o‘rtacha 20-30 foizga o‘sdi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan umumiy chegaraga ega. Mamlakatimiz taraqqiyotining chegaralarimiz xavfsizligidan suv resurslarini oqilona taqsimlashgacha bo‘lgan barcha muhim hayotiy masalalarini hal etish mintaqa davlatlari bilan munosabatlarimizga bevosita bog‘liq. Transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni qo‘shni mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilmasdan, ularning yuksak darajada integratsiyalashuvini ta’minlamasdan amalga oshirib bo‘lmaydi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirishda Markaziy Osiyo davlatlarining savdo-iqtisodiy aloqalarini rivojlantirish, bu borada muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, umummintaqaviy muammolarga birgalikda yechim topish maqsadida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvini doimiy o‘tkazish endilikda an’anaga aylanishi kerakligini ta’kidladi.
Xavfsizlik masalalari muhokama qilinar ekan, bugungi kunda mintaqaning barcha mamlakatlari terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik va narkotrafik tahdidlariga duch kelayotgani qayd etildi.
Afg‘onistonda ijtimoiy-iqtisodiy infratuzilmani tiklash, uning mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga qo‘shilishiga har tomonlama ko‘maklashish, xorijiy davlatlar va xalqaro tashkilotlar ishtirokida ushbu mamlakat yoshlarining turli terroristik va ekstremistik tuzilmalar ta’siriga tushib qolishiga yo‘l qo‘ymaslik bo‘yicha aniq chora-tadbirlar ishlab chiqish zarurligi qayd etildi.
Ta’kidlandiki, davlat chegaralarini delimitatsiya qilish borasidagi masalalarni hal etish bo‘yicha izchil yo‘lga qo‘yilgan va birgalikda chuqur o‘ylab amalga oshirayotgan ishlarni davom ettirish zarur.
Mintaqada suv resurslaridan adolatli foydalanish masalasi ishtirokchilarning diqqat markazida bo‘ldi.
Orol dengizining ekologik halokati yuzasidan mintaqaviy va xalqaro darajada sa’y-harakatlarni birlashtirish ushbu muammoga qarshi munosib chora ko‘rishning asosiy omili ekanligi ta’kidlandi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasida innovatsion faoliyat yo‘nalishida hamkorlik aloqalarini kengaytirish, davlatlar o‘rtasida eksport-import masalasida bir-birini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha ham fikrlashildi.
Mintaqa mamlakatlari o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalar, do‘stlik va yaxshi qo‘shnilik munosabatlarini mustahkamlash masalasi ham kun tartibidan o‘rin oldi. Bu Markaziy Osiyodagi mintaqaviy hamkorlikni jadallashtirishning asosiy shartlaridan biri sifatida e’tirof etildi. Madaniy-gumanitar muloqotni izchil davom ettirish, mamlakatlar o‘rtasida madaniyat kunlari va turli madaniy tadbirlarni tashkil etish, ta’lim va sayyohlik sohasidagi almashuvlarni rivojlantirish lozimligi qayd etildi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi samarali o‘tgani, bu kabi uchrashuvlar hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining keyingi maslahat uchrashuvini 2019 yil Navro‘z bayrami arafasida Toshkentda o‘tkazishga kelishib olindi.
O‘zbekiston mintaqa mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada mustahkamlash tarafdori. So‘nggi ikki yilda davlatimiz rahbari Turkmaniston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistonga borib, o‘zaro aloqalarni mustahkamlash yo‘lida muhim qadamlarni qo‘ydi. Birgina Qozog‘iston bilan ikki tomonlama tovar ayirboshlash hajmini 2 milliard AQSh dollariga chiqarishga muvaffaq bo‘lindi. Tomonlar 2020 yilda mazkur ko‘rsatkichni 5 milliard AQSh dollariga yetkazishni rejalashtirgan.
O‘zbekistonda qozog‘istonlik investorlar ishtirokida 260 ta korxona faoliyati yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa, qo‘shni davlatda yurtimiz ishbilarmonlari ishtirokida 105 ta biznes subyekti faoliyat olib bormoqda. 2017 yil Ostona va Toshkent shaharlarida bo‘lib o‘tgan biznes-forumlar natijasi bo‘yicha umumiy qiymati 1,2 milliard AQSh dollari miqdoridagi kelishuvlarga erishildi. Siyosiy jabhadagi muloqotlar rivoji iqtisodiy aloqalarni yanada jadallashtirish uchun qulay muhit yaratadi. Bu nafaqat savdo aylanmasi va sarmoyalar hajmini kengaytirishga xizmat qiladi, balki madaniy-gumanitar aloqalar rivojini ham kafolatlaydi.
O‘tgan yilning sentabr oyida ikki davlat rahbarlari 2018 yilda Qozog‘istonda O‘zbekiston yili hamda 2019 yilda O‘zbekistonda Qozog‘iston yilini o‘tkazishga kelishib olgan edi.
Qozog‘iston Respublikasi 2018 yilni mamlakatda O‘zbekiston yili deb e’lon qildi. Bu qozoq eli va Qozog‘iston davlatining o‘zbek xalqiga hurmati, yurtimizga yuksak ehtiromi ramzidir.
Shu munosabat bilan “Ostona opera” teatrida tantanali marosim bo‘lib o‘tdi. Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston Prezidentlari va Markaziy Osiyo davlatlari delegatsiyalari a’zolari, diplomatik korpus vakillari, xorijlik faxriy mehmonlar ishtirok etdi.
Marosimda Shavkat Mirziyoyev va Nursulton Nazarboyev nutq so‘zladilar. O‘zbekiston va Qozog‘iston rahbarlari mazkur yirik tadbir ikki xalq o‘rtasidagi madaniy aloqalarni yanada rivojlantirish, o‘zaro tajriba almashish va do‘stlik rishtalarini mustahkamlashda muhim rol o‘ynashini ta’kidladilar.
Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidagi ulkan xizmatlari uchun O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni birinchi darajali “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotladi.
Qozog‘iston Respublikasida O‘zbekiston yili ochiq, deb e’lon qilindi.
O‘zbek san’at ustalarining chiqishlari yig‘ilganlarga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishladi.
Qozog‘istonda O‘zbekiston yili doirasida madaniy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar, festivallar o‘tkazish, Qozog‘iston madaniyat ahlining O‘zbekistonga tashriflari amalga oshirilishi mo‘ljallangan.
Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyevning Qozog‘iston Respublikasiga tashrifi nihoyasiga yetdi. Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvida muhokama etilgan masalalar mintaqaning hali ishga solinmagan noyob imkoniyatlar va ulkan salohiyatga ega ekani, bu yerda taraqqiyot, barqarorlik va farovonlikni ta’minlash – mazkur davlatlar to‘liq erisha oladigan mushtarak muvaffaqiyat ekanidan dalolat bermoqda.