Ostona, 15-mart. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakr O‘rozov xabar qiladi.
Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15 mart kuni Ostona shahrida o‘tgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvida ishtirok etdi.
Ma’lumki, davlatimiz rahbari 2017-yil 10-noyabr kuni BMT shafeligida Samarqand shahrida o‘tgan “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yo‘lidagi hamkorlik” mavzusidagi xalqaro konferensiyada mazkur uchrashuvni o‘tkazish taklifini ilgari surgan edi. O‘shanda bu tashabbusni mintaqadagi barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar qo‘llab-quvvatlagan va Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev birinchi uchrashuvni Ostonada o‘tkazishni taklif qilgandi.
Oliy darajadagi uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Qozog‘iston Respublikasi Prezident Nursulton Nazarboyev, Qirg‘iziston Respublikasi Prezidenti Sooronbay Jeenbekov, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmon, Turkmaniston Respublikasi Majlisi raisi Akja Nurberdiyeva ishtirok etdi.
Uchrashuvni Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev ochdi.
Sammitda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi. Mintaqa mamlakatlari davlat rahbarlari yaqin yillarda bu kabi tarkibda yig‘ilmagani, bugungi yig‘ilish istiqboldagi hamkorlikning muhim poydevori bo‘lishi qayd etildi.
Ta’kidlandiki, Markaziy Osiyo nafaqat geografik va geosiyosiy, balki qadriyatlari mushtarak yagona madaniy makondir. Shu nuqtai nazardan mamlakatlarimiz o‘rtasida mintaqalararo hamkorlik masalasiga alohida e’tibor qaratish zarur. Bu Markaziy Osiyoda barqaror rivojlanishni ta’minlagan holda, mamlakatlarimiz hududlarining sanoat, investitsiya va intellektual sohalardagi salohiyatini to‘la ishga solish imkonini beradi.
Uchrashuvda mintaqa mamlakatlari o‘rtasida siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi hamkorlikni rivojlantirishga doir keng ko‘lamli masalalar ko‘rib chiqildi.
Markaziy Osiyo mamlakatlari xalqlarini ko‘p ming yillik qardoshlik va yaxshi qo‘shnilik rishtalari bog‘lab turadi. Tarix, din, umumiy madaniyat va an’analar birlashtiradi. Mintaqamizda dunyo tamadduni rivojiga ulkan ta’sir ko‘rsatgan noyob madaniyat va taraqqiyot an’analari mavjud bo‘lib, bu Markaziy Osiyo mamlakatlarining umumiy kelajagi, barqaror rivojlanishi va farovonligini ta’minlashda mustahkam poydevor bo‘la oladi.
Keyingi yillarda mintaqa davlatlari yaxshi qo‘shnilik va o‘zaro manfaatli hamkorlik tamoyillari asosida savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiya, madaniy-gumanitar sohalarda, xavfsizlik va barqarorlik masalalarida o‘z salohiyatini namoyon etmoqda. Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga aylantirish yo‘lida sobitqadam bo‘lmoqda. Davlatlar umummintaqa manfaatlaridan kelib chiqib chegara, suvdan foydalanish, transport va savdo singari o‘tkir masalalarga samarali yechim topmoqda.
Jumladan, bir necha yillardan buyon muammoli masala sifatida qarab kelingan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Turkmaniston davlat chegaralarining tutashgan nuqtasi hududi haqida shartnoma imzolandi. O‘zbekiston va Qirg‘iziston o‘z chegaralarining 85 foizi yuzasidan kelishuvga erishdi. Transport sohasidagi hamkorlik borgan sari kengaymoqda. Tojikiston bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri avia, temir yo‘l va avtomobil qatnovi tiklandi. Amudaryodan o‘tadigan Turkmanobod – Forob yangi temir va avtomobil yo‘li ko‘priklari ishga tushirildi. O‘zbekiston – Qirg‘iziston – Xitoy temir yo‘li qurilishi bo‘yicha kelishuvga erishildi.
O‘zbekiston tomonining tashabbusi bilan mintaqa mamlakatlari ishbilarmon doiralari hamda yetakchi korxonalari vakillari ishtirokida ko‘plab uchrashuvlar o‘tkazildi. Bu iqtisodiy aloqalarni sezilarli ravishda faollashtirish va o‘zaro savdo hajmini oshirish imkonini berdi. O‘zbekistonning mintaqa mamlakatlari bilan tovar aylanmasi o‘rtacha 20-30 foizga o‘sdi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyoning barcha davlatlari bilan umumiy chegaraga ega. Mamlakatimiz taraqqiyotining chegaralarimiz xavfsizligidan suv
resurslarini oqilona taqsimlashgacha bo‘lgan barcha muhim hayotiy masalalarini hal etish mintaqa davlatlari bilan manosabatlarimizga bevosita bog‘liq. Transport-kommunikatsiya va energetika sohalaridagi yirik mintaqaviy loyihalarni qo‘shni mamlakatlar bilan faol hamkorlik qilmasdan, ularning yuksak darajada integratsiyalashuvini ta’minlamasdan amalga oshirib bo‘lmaydi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.
Davlatimiz rahbari tinchlik, xavfsizlik va barqaror rivojlanishni ta’minlash, shuningdek, mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni kengaytirishda Markaziy Osiyo davlatlarining o‘zaro anglashuvga asoslangan munosabatlari hal qiluvchi o‘rin tutishini qayd etdi. Energetik salohiyat, tabiiy resurslar, transport-kommunikatsiya imkoniyatlariga ega Markaziy Osiyo ulkan geosiyosiy ahamiyat kasb etishi, bu mintaqadagi jarayonlar butun Yevroosiyo kontinenti barqarorligiga ta’sir ko‘rsatishini ta’kidladi.
Bu borada muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, umummintaqaviy muammolarga birgalikda yechim topish maqsadida Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvini doimiy o‘tkazish endilikda an’anaga aylanishi kerak.
Xavfsizlik masalalari muhokama qilinar ekan, bugungi kunda mintaqaning barcha mamlakatlari terrorizm, diniy ekstremizm, transmilliy jinoyatchilik va narkotrafik tahdidlariga duch kelayotgani qayd etildi.
Prezident Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining keyingi maslahat uchrashuvini 2019-yil Navro‘z arafasida Toshkentda o‘tkazish to‘g‘risidagi taklifi sammitning barcha ishtirokchilari tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlandi.
Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyev Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining ilk maslahat uchrashuvi samarali va ishchan ruhda o‘tgani, bunday samitlar hamkorlikni yanada rivojlantirishga xizmat qilishini ta’kidladi.