Shavkat Mirziyoyev Nursulton Nazarboyev bilan uchrashdi

Ostona, 15-mart. O‘zA maxsus muxbiri Abu Bakr O‘rozov xabar qiladi.

Avval xabar berilganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Nursulton Nazarboyevning taklifiga binoan 15-mart kuni amaliy tashrif bilan Ostona shahriga keldi.

Oqo‘rda qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyevni Prezident Nursulton Nazarboyev kutib oldi.

Ikki davlat rahbarlarining tor doiradagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz o‘rtasidagi yaxshi qo‘shnilik va hamkorlik munosabatlari mustahkamlanib borayotganini qayd etdi.

– Keyingi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi aloqalar jadal ravnaq topayapti. O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi tovar ayriboshlash hajmi 2 milliard AQSh dollariga yetgani munosabatlarning qanday yuksak sur’atda rivojlanayotganini ko‘rsatadi. Mazkur ko‘rsatkichni 5 milliard AQSh dollariga yetkazish yo‘lidagi harakatlarimiz ham yaqin vaqtlarda o‘z samarasini beradi, – dedi O‘zbekiston Prezidenti.

Nursulton Nazarboyev Shavkat Mirziyoyevni Qozog‘istonga tashrifi bilan qutlab, bu ikki davlat o‘rtasidagi muloqotlarning mantiqiy davomi, tomonlarni qiziqtirgan masalalarni muhokama etish uchun qulay imkoniyat ekanini ta’kidladi.

– Sizning tashabbusingiz bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahat uchrashuvi mintaqa mamlakatlarining barcha sohalardagi hamkorligida muhim o‘rin tutadi. O‘tgan ikki yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida erishilgan kelishuvlar tarixiy ahamiyat kasb etadi. Biz bir daryodan suv ichadigan qo‘shnilarmiz. Shunday ekan, davlatlarimiz o‘rtasida hal etilmagan masala bo‘lmasligi kerak, – dedi Qozog‘iston rahbari. – Shuni alohida ta’kidlamoqchimanki, O‘zbekistonda olib borayotgan oqilona siyosatingiz bugun butun mintaqaga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

So‘nggi ikki yilda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari faollashdi. Ikki davlat rahbarlari shu davr ichida olti bora turli darajadagi tashriflarni amalga oshirdi. Xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida uchrashuvlar bo‘lib o‘tdi. Bundan tashqari, turli voqealar munosabati bilan telefon orqali muloqotlar va murojaatnomalar almashuvi tashkil etildi.

2017-yilning mart oyida imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Qozog‘iston Respublikasi o‘rtasida strategik sheriklikni yanada chuqurlashtirish va ahil qo‘shnilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi Qo‘shma deklaratsiya hamda turli darajadagi 212 ta hujjat o‘zaro aloqalarning shartnomaviy-huquqiy zaminini sezilarli darajada mustahkamladi.

Bu o‘zaro savdo hajmi va turining izchil ortishida, energetika va mashinasozlik tarmoqlarida muhim investitsiya loyihalarini amalga oshirish boshlanganida, avtomobil, temir yo‘l va havo transporti sohasidagi hamkorlik kengayganida kuzatilmoqda.

Ikki davlat o‘rtasida tovar ayirboshlash hajmi barqaror o‘sib bormoqda, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yirik qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotir. Transport qatnovi sohasida amaliy hamkorlik sezilarli darajada kengayib, mintaqalar o‘rtasida sheriklik mustahkamlanmoqda, O‘zbekiston va Qozog‘istonda madaniy-gumanitar tadbirlar o‘tkazilmoqda.

O‘zbekiston va Qozog‘iston Prezidentlari ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollarini muhokama qildilar. O‘zaro aloqalarni izchil rivojlantirish, tinchlik va xavfsizlikni mustahkamlash masalalari, tomonlarni qiziqtirgan mintaqaviy va xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashildi.

 

O‘zA