Nukus xalqaro aeroportida qoraqalpog‘istonlik Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindorlari tantanali kutib olindi.

Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 2-martdagi qaroriga muvofiq Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sovrindor bo‘lgan 28 qizning orasida qoraqalpog‘istonlik ikki qiz – Nukus davlat pedagogika instituti talabasi Shahodat Jullibayeva hamda Nukus madaniyat va san’at kolleji o‘quvchisi Nargiza Utemuratovalar ham bor.

Shahodat Jullibayeva 1998-yil Taxiatosh tumanida tug‘ilgan. Sportning erkin kurash turi bo‘yicha O‘zbekiston milliy terma jamoasi a’zosi, sport ustasi. Qator xalqaro va mamlakat miqyosida o‘tkazilib kelinayotgan sport musobaqalari sovrindori.

U 2014-yil Xitoy Xalq Respublikasining Nankin shahrida o‘smirlar o‘rtasidagi II yozgi Olimpiya musobaqalarida 4-, 2015-yilda Hindiston davlatida o‘tkazilgan Osiyo chempionatida 2-, shu yil Tailandda o‘tkazilgan musobaqada 3-o‘rinni egallagan. Joriy yil qizlar o‘rtasida o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 55 kilogramm og‘irlikda 1-o‘rinni egalladi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining faxriy yorlig‘i bilan taqdirlangan.

Nargiza Utemuratova 2001-yil Nukus shahrida tug‘ilgan. U 2010-2012-yillarda “Kamalak” yulduzlari”festivali va 2013-yilda “Ko‘hna zamin ohanglari” telefestivali g‘olibi. Bir qator xalqaro festivallar sovrindori.

 

Anvar Nasirlayev, O‘zA