Venesuelaning Aragua shtatida qutqaruv guruhi toshqin va tuproq ko‘chgan joydan 43 kishining jasadini topishdi, deb xabar berdi mamlakat vitse-prezidenti Delsi Rodriges.
Avvalroq Venesuela prezidenti Nikolas Maduro 39 kishi qurbon bo‘lgani haqida ma’lum qilgan edi.
“Qurbon bo‘lganlar soni 43 kishiga yetdi, qidiruv ishlari to‘xtagani yo‘q”, – degan Rodriges VTV telekanali efirida chiqish qilib.
Venesuelada davom etayotgan kuchli jala Karib dengizi orqali o‘tayotgan “Juliya” dovuli sababli yuzaga kelgan. Yakshanba kuni kuchli suv va tog‘ jinslari oqimi Las-Texerias tumaniga yopirilgan. Oqim uylarni vayron qilgan, daryolar qirg‘og‘idan toshib, qishloq xo‘jaligiga ham katta ziyon yetkazgan.
Ofat yopirilgan hududga minglab qutqaruvchilar va askarlar, oziq-ovqat ortgan avtomobillar karvoni jo‘natilgani aytilmoqda. “Prezident Maduro toshqindan ziyon ko‘rgan fuqarolarga va biznesidan mahrum bo‘lgan tadbirkorlarga pul yordami ko‘rsatishga ko‘rsatma bergan”, deyiladi xabarda.