Fuqarolarimiz hamda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari, qonuniy manfaatlari ishonchli sud himoyasini ta’minlash, sud hokimiyatining chinakam mustaqilligini, sudlar faoliyati samaradorligi va nufuzini oshirish, sudlar tuzilmasini hamda sudyalik lavozimlariga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tashkil etildi va sud faoliyatiga har qanday aralashuvlarga barham berish, aybdor shaxslarning muqarrar javobgarligini ta’minlash vazifasi yuklatildi.

Ochiqlik, xolislik, kollegiallik ya’ni masalalarni ko‘pchilik bilan hal etish asosiy prinsiplari hisoblangan, 21 nafar a’zodan iborat Kengashning bir qator muhim vazifalari belgilandi.

Xalqaro standartlarda bunday vazifani amalga oshiruvchi organ maqomi konstitutsiyaviy tartibga solinishi lozimligi e’tirof etiladi. Shuning uchun, O‘zbekiston Konstitutsiyasining 111-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi. O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi” – deb qayd qilindi. Sudyalar oliy kengashiga konstitutsiyaviy maqom berilganligi unga yuklatilgan vazifalarni mustaqil va samarali amalga oshirilishining muhim konstitutsiyaviy kafolati hisoblanadi.

Kengash o‘z faoliyatini faqat qonunga bo‘ysungan holda davlat organlari va boshqa tashkilotlar, shuningdek, mansabdor shaxslardan mustaqil ravishda amalga oshirishi, kengash faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligi va bu qonunda nazarda tutilgan javobgarlikka sabab bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Kengash a’zolari qarorlar qabul qilishda siyosiy qarashlardan va boshqa tashqi ta’sirlardan xoli bo‘lgan o‘z nuqtai nazarini ifodalaydi.

Sudyalar oliy kengashining eng asosiy vazifalaridan biri, sudyalar korpusini yuksak ma’naviy-ahloqiy fazilatga, yetarli xayotiy tajribaga, mustaqil fikrlash hamda va o‘zi qabul qilgan qaror uchun javobgarlikni o‘ziga olish qobiliyatiga ega bo‘lgan yuqori malakali kadrlar bilan ta’minlash bo‘lib hisoblanadi.

Shu sababli, sudyalar korpusini yuqori bilim va salohiyatga, yetarli tajriba va ko‘nikmaga, yuksak ma’naviy-ahloqiy fazilatga ega yuridik kadrlar, jumladan, birinchi navbatda huquqni muhofaza qilish organlarida namunali faoliyat yuritayotgan xodimlar hisobidan shakllantirilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, sudyalarni tanlash va tayinlash bo‘yicha samarali va demokratik tashkiliy-huquqiy ishlar amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Sudyalarni tanlash va tayinlash uchun shaffof, adolatli va mustaqil tartib o‘rnatildi.

“O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida”gi Qonunning 20-moddasiga ko‘ra sudyalik lavozimiga nomzodlar zaxirasiga sudyalik lavozimlari uchun zarur bilimga ega bo‘lgan, yetarli hayotiy tajribaga va benuqson obro‘-e’tiborga ega yuqori malakali yuristlar orasidan o‘ttiz yoshdan kichik bo‘lmagan, oliy yuridik ma’lumotga, yuridik ixtisos bo‘yicha kamida besh yillik ish stajiga ega bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari kiritilishi mumkin. Shuningdek, mazkur moddaga asosan quyidagi shaxslar zaxiraga kiritilishiga yo‘l qo‘yilmaydi:

muqaddam sudlanganlar;

belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilganlar;
o‘z kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etgani uchun vakolatlari oldingi ish joyi bo‘yicha belgilangan tartibda tugatilganlar;
odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarga yoki jismoniy nuqsonlarga ega bo‘lganlar.

Kengash tomonidan Odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklarning va jismoniy nuqsonlarning ro‘yxati ishlab chiqildi hamda Adliya vazirligi tomonidan 2017-yilning 23-noyabrida 2951-raqam bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Kengashning 2017-yil 7-avgustdagi 238-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Sudyalikka nomzodlarni zaxiraga kiritish mezonlari to‘g‘risida” Nizomning 5-bandida sudyalik lavozimlariga nomzodlar zaxirasiga kiritish uchun quyidagi mezonlar inobatga olinishi belgilangan:
a) nomzodning zaxiraga kirish imtihonidan ijobiy o‘tganligi;
b) o‘z ish joyida mansab pog‘onalari bo‘yicha o‘sib, muayyan ish tajribasiga ega ekanligi;
v) yashash va ish joyida ijobiy tavsiflanganligi;
g) yuklatiladigan vazifalarni bajarishga qodirligiga oid fikrnoma;
d) nomzodda odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qiladigan kasalliklar yoki jismoniy nuqsonlar mavjud emasligi;
ye) muqaddam sudlanmaganligi;
yo) belgilangan tartibda muomalaga layoqatsiz yoki muomala layoqati cheklangan deb topilmaganligi;
j) o‘z kasbiy faoliyatiga mos kelmaydigan qilmishlar sodir etganligi uchun vakolatlari oldingi ish joyi bo‘yicha belgilangan tartibda tugatilmaganligi.

Yuqoridagi talablarga mos keladigan hamda sudyalik lavozimlari uchun nomzodlar zaxirasiga kirish istagini bildirgan nomzodlar Kengash tomonidan 2017-yil 22-mayda 13/17-sonli Qaror bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining Imtihon komissiyasi to‘g‘risida”gi Nizomga asosan maxsus imtihondan o‘tkaziladi.

Imtihon suhbat o‘tkazish, mustaqil ekspertlar tomonidan test sinovidan o‘tkazish, berilgan muammolar bo‘yicha mavzuga oid referatlar tayyorlash, ekspress so‘rovlar usullaridan foydalangan holda o‘tkaziladi.

Imtihon natijalari sudyalik lavozimiga nomzodning ishtirokisiz, ochiq ovoz berish yo‘li orqali komissiya a’zolarining oddiy ko‘pchilik ovozi bilan aniqlanadi. Imtihon natijasi nomzodga shu kunning o‘zidayoq ma’lum qilinadi. Imtihon natijalari bo‘yicha Kengashga ma’lumot taqdim qilinadi.

Imtihon natijalaridan muvaffaqiyatli o‘tgan nomzod O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi qoshidagi Yuristlar malakasini oshirish markazida 3 oylik o‘quv amaliyotini o‘taydi.

O‘quv amaliyoti natijasida ijobiy baholangan nomzodga Yuristlar malakasini oshirish markazi tomonidan tegishli sertifikat beriladi.

Shundan so‘nggina sudyalikka nomzod bo‘sh sudyalik lavozimiga nomzodini ko‘rsatishni so‘rab Kengashga ariza bilan murojaat qilishi, belgilangan tartibda Kengashda muvaffaqiyatli suhbatdan o‘tganidan so‘ng sudyalik lavozimiga erishishi mumkin.

Kengash o‘n yil muddatga va muddatsiz davrga tayinlanadigan sudyalik lavozimiga nomzodni ko‘rib chiqishda ushbu nomzod tomonidan qabul qilingan sud qarorlarining barqarorligini, odil sudlovni amalga oshirish va qonun hujjatlari normalarini qo‘llash borasida yetarli tajribaga ega ekanligini, halolligi va pokligi, shuningdek jamoatchilikning uning kasbiy faoliyati haqidagi fikrini inobatga oladi.

Nomzod tomonidan qabul qilingan sud qarorlarining barqarorligi, odil sudlovni amalga oshirish va qonun hujjatlari normalarini qo‘llash borasida yetarli tajribaga ega ekanligi Kengash tomonidan 2017-yil 22-avgustda 248-sonli qaror bilan tasdiqlangan “Sudyalarning faoliyatini o‘rganish va baholash mezonlari to‘g‘risida” Nizomga asosan aniqlanadi.

Sudyaning halolligi va pokligi, shuningdek jamoatchilikning uning kasbiy faoliyati haqidagi fikrini aniqlashda Kengash tomonidan 2017-yil 7-avgustda 237-sonli qaror bilan tasdiqlangan “Sudyalarni navbatdagi muddatga tayinlash (saylash)da ularning oxirgi ish joylaridagi faoliyati va keng jamoatchilik fikrini hisobga olish to‘g‘risida”gi Nizom hamda 2017-yil 7-avgustda 236-son qaror bilan tasdiqlangan “Sudyalar faoliyatiga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va tegishli xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining tavsifnomasi asosida baho berish mezonlari to‘g‘risida” Nizom asosida amalga oshiriladi.

2017-yilda sudyalik lavozimlariga birinchi marta tayinlanadigan nomzodlar zaxirasiga kiritish uchun jami 412 nafar shaxsning hujjatlari kelib tushgan.

Imtihon komissiyasi bergan ma’lumotga ko‘ra, 162 nafar nomzod Kengash tomonidan o‘tkaziladigan imtihondan o‘taolmaganligi bois ularni Kengash zaxirasiga kiritish rad etilgan.

Navbatdagi bosqich Sudyalik lavozimlariga nomzodlarni ko‘rib chiqish jarayoni bo‘lib hisoblanadi. Shu o‘rinda aytish kerakki, bu ochiq-oshkora, Kengash a’zolarining fikr-mulohazalari asosida kollegiallik bilan hal etiladi.

Sudyalarni lavozimiga tayinlash bo‘yicha 2018-yil yanvar, fevral oylarida bir necha marta yig‘ilishlar o‘tkazilgan bo‘lib, ularda 87 nafar sudya lavozimga tayinlangan.

 
Arslon Eshmurodov