Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etish uchun O‘zbekistonga kelgan Xalqaro mehnat tashkiloti, Xalqaro kasaba uyushmalari konfederatsiyasining vakillari, Markaziy Osiyo mamlakatlari va Mo‘g‘uliston kasaba uyushmalari rahbarlari O‘zbekiston Oliy Majlis Senatiga tashrif buyurdi.

Senat raisi – Odam savdosiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish Milliy komissiyasi raisi Tanzila Norboyeva mehmonlar bilan uchrashuvda mamlakatimizda Prezident Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan mehnat munosabatlari tizimida sezilarli o‘zgarishlar bo‘lganini alohida qayd etdi. Sohada tashkiliy-huquqiy, qonunchilik hamda xalqaro standartlarni joriy etish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi.

Muloqot davomida bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi kurashish, munosib mehnat tamoyillarini amaliyotga tatbiq etilishida xalqaro maydonda tan olingan O‘zbekiston tajribasi alohida e’tirof etildi.

Bolalar mehnatini va majburiy mehnatning oldini olish borasida fuqarolik jamiyati institutlari, kasaba uyushmalari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan samarali hamkorlik olib borilayotir.

Bu borada Xalqaro mehnat tashkiloti bilan hamkorlik alohida o‘rin tutmoqda. Keyingi yillarda bolalar mehnatiga va majburiy mehnatga qarshi kurashish, munosib mehnat sharoitlarini takomillashtirish borasida samarali ishlar amalga oshirildi.

Uchrashuvda tomonlar mehnat munosabatlarini takomillashtirishda mintaqaviy hamda xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, ushbu jarayonlarda kasaba uyushmalari faoliyatini mustahkamlash masalalarini muhokama qildi. Xususan, 2021 yilda O‘zbekiston tashabbusi bilan tashkil etilgan Markaziy Osiyo mamlakatlari kasaba uyushmalari Kengashining faoliyatiga alohida to‘xtalib o‘tildi.

Kengashning o‘tgan davrdagi faoliyati davomida qator tadbirlar amalga oshirilib, mehnat munosabatlarini takomillashtirishda mintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga muhim hissa qo‘shildi.

Uchrashuv yakunida mehnat munosabatlari yo‘nalishida hamkorlikdagi loyihalarni faollashtirishga kelishib olindi.

N.Abduraimova, O‘zA