O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 28-fevral kuni Pokiston Islom Respublikasi, Shveytsariya Konfederatsiyasi, Latviya Respublikasi, Isroil Davlati, Germaniya Federativ Respublikasi, Slovakiya Respublikasi va Xitoy Xalq Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchilari etib tayinlangan Irfon Yusuf Shomiy, Olive Shav, Mixails Popkovs, Eduard Shapira, Gyunter Overfeld, Yan Bori va Szyan Yandan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi.

Davlatimiz rahbari elchilarni mamlakatimizda diplomatik missiyasini boshlagani bilan samimiy qutlab, mas’uliyatli faoliyatida ulkan yutuq va muvaffaqiyatlar tiladi.

Marosimda O‘zbekiston kuchli fuqarolik jamiyati va jadal rivojlanayotgan bozor iqtisodiyotiga ega erkin va demokratik davlat barpo etishning yangi tarixiy bosqichiga qadam qo‘ygani alohida ta’kidlandi.

O‘zbekistonni yanada rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasi doirasida boshlangan keng ko‘lamli islohot va o‘zgarishlar muqarrarlik tusini olmoqda.

Ochiq tashqi siyosat olib bormasdan, ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli xalqaro hamkorlikni mustahkamlamasdan turib belgilangan vazifalarni amalga oshirib bo‘lmasligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Respublikasi tashqi siyosatida g‘oyat qisqa davrda salmoqli natijalar qo‘lga kiritildi. Xorijiy davlatlar, nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar bilan munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi.

Davlatimiz rahbari O‘zbekiston Markaziy Osiyoda xavfsizlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni ta’minlashda bundan buyon ham barcha sa’y-harakatlarini safarbar etishi hamda ochiq, do‘stona va amaliy tashqi siyosat olib borishni davom ettirishini ta’kidladi. Bunda avvalo qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarga alohida e’tibor beriladi.

Shuningdek, dunyoning yetakchi mamlakatlari bilan o‘zaro manfaatli va uzoq muddatli sheriklikni kengaytirish siyosati davom ettiriladi.

Prezidentimiz o‘z nutqida yangi elchilarni tayinlagan mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish va mustahkamlashning ustuvor yo‘nalishlariga to‘xtaldi.

O‘zbekiston Respublikasi mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlashda an’anaviy ravishda muhim o‘rin tutayotgan Pokiston Islom Respublikasi bilan ko‘p qirrali munosabatlarni rivojlantirishga katta ahamiyat berayotgani ta’kidlandi.

Oliy darajadagi muntazam siyosiy muloqotlar ikki tomonlama hamkorlikni sezilarli faollashtirishga xizmat qildi. Shu bilan birga, o‘zaro savdo-sotiq hajmini oshirish, agrosanoat, farmatsevtika, ko‘nchilik va boshqa tarmoqlarda kooperatsiyani kuchaytirish uchun ulkan salohiyat mavjud.

Shveytsariya Konfederatsiyasi O‘zbekistonning Yevropadagi ishonchli va uzoq muddatli sherigidir.

Bugungi kunda O‘zbekiston – Shveytsariya munosabatlari siyosat, iqtisodiyot, moliya va bank, madaniyat va ta’lim kabi turli sohalarda muvaffaqiyatli rivojlanmoqda. Shveytsariya taraqqiyot va hamkorlik agentligi bilan samarali sheriklik yo‘lga qo‘yilgan.

Shveytsariyaning yetakchi kompaniyalari bilan kimyo, to‘qimachilik, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, sog‘liqni saqlash va turizm sohasida kooperatsiya uchun imkoniyatlar mavjudligi alohida qayd etildi.

Latviya Respublikasi bilan faol siyosiy muloqot yo‘lga qo‘yilgan, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalar izchil rivojlanmoqda.

Rigada buyuk ajdodlarimiz Mirzo Ulug‘bek va Abu Ali ibn Sino haykallari o‘rnatilgani mamlakatimiz va xalqimizga yuksak hurmat-ehtirom ifodasidir.

Savdo, investitsiya va innovatsiyalar, transport va logistika, energetika, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalaridagi dastur va loyihalarni amalga oshirish mamlakatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari ekani qayd etildi.

O‘zbekiston Isroil Davlati bilan o‘zaro hurmat va manfaatlarni hisobga olish tamoyillari asosida ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi.

Isroilning ilg‘or texnologiyalari, tajribasi, ilmiy yutuqlarini jalb etish asosida biotexnologiyalar, energiya va suv resurslarini tejash, tibbiyot va farmatsevtika, turizm kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish taklif etildi. Ta’lim, madaniyat va sport sohalarida mavjud katta salohiyatdan foydalanish muhimligiga e’tibor qaratildi.

Mamlakatimizning ishonchli va uzoq muddatli sherigi bo‘lgan Germaniya Federativ Respublikasi bilan barcha sohalarda faol muloqot yo‘lga qo‘yilgan, yaqin aloqalar va tajriba almashuvi qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Asosiy e’tibor mamlakatimiz iqtisodiyotining yuqori texnologik tarmoqlarida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish maqsadida Germaniyaning yetakchi kompaniyalari bilan uzoq muddatli va o‘zaro manfaatli sheriklik aloqalarini rivojlantirishga qaratildi.

Ilm-fan va ta’lim sohalarida hamkorlikni rivojlantirish, ikki mamlakat hududlari o‘rtasida aloqalar o‘rnatish va rivojlantirish muhimligi qayd etildi.

Slovakiya Respublikasi O‘zbekiston uchun Yevropadagi istiqbolli hamkorlardan biri hisoblanadi.

Davlatimiz rahbari siyosiy muloqotni mustahkamlash bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida mavjud salohiyatni ro‘yobga chiqarishni taklif etdi. Bu o‘rinda, avvalo, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, kimyo va oziq-ovqat sanoatida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish muhim ahamiyatga ega.

O‘zbekiston Prezidenti Xitoy Xalq Respublikasi bilan do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari izchil mustahkamlanib borayotganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

Ikki davlat rahbarlarining o‘tgan yili Pekin va Ostona shaharlarida bo‘lib o‘tgan uchrashuvlari o‘zaro hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga olib chiqib, aniq mazmun bilan boyitdi.

Davlatimiz rahbari hamkorlikning deyarli barcha sohalarida, jumladan, savdo-iqtisodiy, investitsiya, innovatsiya, moliyaviy-texnik, transport kommunikatsiyalari va boshqa yo‘nalishlardagi sheriklikni chuqurlashtirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini alohida ta’kidladi.

Transport-tranzit yo‘laklarini rivojlantirishga doir mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish, shu jumladan, O‘zbekiston – Qirg‘iziston –Xitoy temir yo‘l magistralini qurish muhimligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston Xitoy bilan fan, madaniyat, ta’lim va turizm sohalaridagi o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada kengaytirishga tayyorligi qayd etildi.

O‘zbekiston Prezidenti so‘zining yakunida xorijiy elchilarga mamlakatimizning vazirlik, idora va tashkilotlari bilan faol ishlash, joylardagi salohiyat va imkoniyatlar, xalqimizning boy tarixi va madaniyati bilan yaqindan tanishish uchun hududlarga tez-tez tashrif buyurishni taklif etdi.

Turli mas’uliyatli lavozimlardagi faoliyati davomida to‘plangan tajriba xorijiy diplomatlarga belgilangan maqsadlarga samarali erishish hamda O‘zbekiston bilan ikki tomonlama munosabatlarni mustahkamlash yo‘lida o‘z zimmasiga yuklatilgan muhim missiyani muvaffaqiyatli ado etishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

O‘z navbatida, yangi tayinlangan elchilar samimiy qabul uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirib, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi keng miqyosli va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishga bor sa’y-harakatlarini safarbar qilishini qayd etdilar.

 

O‘zA